Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlab davra suhbati o‘tkazildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyat Kengashi majlislar zalida 28 aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan “Sog‘lom psixologik-ijtimoiy ish muhitini ta’minlaylik” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Turdieva Ra’no Eshovna, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining bosh mehnat texnik inspektori Aliev Zafar G‘anievich, korxona, tashkilot va muassasalar vakillari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika Kengashining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchilari, uch tomonlama komissiya a’zolari, yirik ish beruvchilar, mehnatni muhofaza qilish mutaxassislari hamda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari ishtirok etdi. Davra suhbatini O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Axmedov Isak Nabievich olib bordi. Sog‘lom psixologik-ijtimoiy ish muhitini ta’minlashda mehnat muhofazasining roli, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasininig 2025 yil 24 dekabrdagi “Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi ayrim nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 819 sonli qarorini amaliyotga joriy etish, Ish joyida sanitariya-gigiena talablariga rioya etish, Ish jarayonida uchraydigan kasb kasalliklari hamda baxtsiz xodisalar bo‘yicha nogironlik guruhi belgilash mavzusidagi ma’ruzalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Davra suhbati yakunida mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoaviy nazoratni tashkil etish bo‘yicha Respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida g‘olib bo‘lganlar qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar bilan taqdirlandilar.
