Qashqadaryo viloyati kasaba uyushmalari faollarining viloyat hokimligi, boshqarmalar, idoralar, hamkor tashkilotlar va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan “Mehnat sohasidagi muhim ahamiyatga molik masalalar” mavzusida Davra suhbati 2016 yilning 16 dekabr kuni viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi majlislar zalida o‘tkazildi.
Kasaba uyushmalari faoliyatining asosini ijtimoiy sheriklik tashkil etadi. Xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini va mehnat sohasidagi huquqlarini himoya qilish ishlarining samaradorligi aynan ijtimoiy sheriklikning amalda qay darajada o‘z ifodasini topayotganiga bog‘liqdir.
Davra suhbatida jamoa shartnomalarini muhokama qilish jarayonlarida hamda 2016- yil 14 dekabr kuni Qarshi shahri va tumanlarda o‘tkazilgan Davra suhbatlarida ishchi-xizmatchilar va kasaba uyushmasi faollari tomonidan ko‘tarilgan ijtimoiy-mehnat sohasiga oid muammolar yechimini topish viloyat mehnatkashlarining ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini yanada yaxshiroq himoya qilish, Respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning tub mohiyatini targ‘ib qilishni yanada kuchaytirish yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar belgilab olishdan iborat ekanligini ta’kidladi.
Davra suhbatida viloyat hokimligi, boshqarmalar, idoralar va nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari va kasaba uyushmalari faollaridan 97 nafar kishi ishtirok etdi.
Davra suhbati dasturi asosida quyidagi ma’ruzalar eshitildi.
“2016 yilda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va 2017 yilning ustuvor vazifalari” mavzusida viloyat hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha kotibiyati bosh mutaxassisi–F.Ergashev.
“Ish bilan ta’minlash, ish haqi va mehnat muhofazasi masalalarida ijtimoiy himoyani yanada ko‘chaytirish yo‘llari” mavzusida viloyat mehnat Bosh boshqarmasi boshlig‘i – A.Qodirov.
“Ijtimoiy sohani rivojlantirish, ish haqi va ijtimoiy nafaqalarning o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash borasida bank tizimi oldida turgan vazifalar” mavzusida Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi pul muomulasini tartibga solish va monitoring bo‘limi boshlig‘i –B.Sobirov.
“Ijtimoiy sohani moliyalashtirish masalalari” mavzusida viloyat moliya boshqarmasining ijtimoiy sohani moliyalashtirish bo‘limi boshlig‘i –S.G‘opporov.
“O‘zbekiston Respublikasi qonunlaridagi yangiliklar asosida 2017 yil uchun jamoa shartnomalariga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida” viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri – ATo‘rayevlarning ma’ruzalari tinglandi.
Joylarda imzolangan jamoa shartnomalari ijrosini ta’minlash, ularning mazmun-mohiyatini davr talabi asosida zarur band va bo‘limlar bilan boyitish, bu orqali xodimlarga qulay mehnat va dam olish sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor berilmoqda. Natijada, xodimlar ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik asosida yaratib berilayotgan ko‘plab imtiyoz va kafolatlardan foydalanib kelmoqda. Provard natijada ishlab chiqarish rivojlanib, mehnatkashlarning daromadlari oshib, aholining turmush farovonligi ortib, oilalar va xonadonlar obod bo‘lib bormoqda.
Bugungi kunda jamoa shartnomalari xodimlar mehnatiga haq to‘lashni tashkil etishda, qonun hujjatlarida ko‘rsatilganidan yuqoriroq imtiyozlarni o‘rnatish tartibini belgilashga, xodimlar uchun uzaytirilgan asosiy va qo‘shimcha ta’tillar o‘rnatishga, tarmoq korxonalari xususiyatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid meyorlar keltirilgan. Shuningdek, ijtimoiy kafolatlar, mehnatni muhofaza qilish, xodimlar va ularning oila a’zolarini, shu jumladan bolalarni sog‘lomlashtirishni tashkil etish masalalari aks ettirilgan.
Qator korxonalarda tuzilgan jamoa shartnomasi xodimlarning bevosita va bilvosita daromadlarini yuksaltirishning amaliy vositasiga aylandi.
Chunonchi, ko‘plab korxonalarda mehnatga haq to‘lash bo‘yicha tarif setkalarining razryad koeffitsiyentlarini ko‘tarish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu orqali jamoa-shartnomaviy munosabatlar va tarmoq tarif setkalari asosida jami kasaba uyushma a’zolarining to‘rtdan uch qismini ish haqlari oshirilgan bazaviy tarif stavkalar asosida hisoblanib, to‘lanib kelinayapti.
Joriy yilda Xalqaro Mehnat Tashkilotining birlashmalar erkinli va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 87-sonli Konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlarining qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi.
Mazkur qonunlarning qabul qilinishi korxona, tashkilot va muassasalarda, shuningdek nodavlat sektori korxonalarida kasaba uyushma tashkilotlarini tuzish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari xodimlarini kasaba uyushmalariga jalb etish orqali ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasida kasaba uyushmalari oldiga ulkan vazifalarni qo‘ydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga yangidan saylangan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev kirib kelayotgan yangi – 2017 yilni mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlai yili” deb e’lon qildi. Shu bois kasaba uyushmasi tashkilotlari yetakchilari ish beruvchilar bilan maslahatlashgan holda xodimlar bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularning qiynayotgan muammolarini hal etib borish chora-tadbirlarni belgilab olib, ularning bajarilishini ta’minlashlari lozim.
Davra suhbatida ishchi-xizmatchilar tomonidan ko‘tarilgan mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy sohasiga oid 30 dan oshiq muammolar muhokama qilindi. Ularning hudud darajasida bartaraf etilishi bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Davra suhbatida ko‘tariladigan muammolarning o‘z yechimini topishi mehnatkashlarining mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarni yanada yaxshiroq amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.