Joriy yilning 28-aprel “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni”ga bag‘ishlangan “Mehnatni muhofaza qilishda ma’lumotlarni to‘plash va ulardan foydalanish” mavzusida o‘tkazilgan Davra suhbatida ushbu dolzarb masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar so‘z yuritildi.
Davra suhbatida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi, viloyat mehnat bosh boshqarmasi, viloyat IIB yong‘in xavfsizligi boshqarmasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi Qashqadaryo mintaqaviy inspeksiyasi hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining mas’ul xodimlari, viloyatdagi yirik sanoat va ishlab chiqarish korxonalarining mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi muhandislari va kasaba uyushma faollari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mehnatkashlarning mehnatini muhofaza qilish, ular uchun xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini yaratish, korxona va tashkilotlardagi mehnat muhofazasi holatini yaxshilash, xodimlarning mehnat muhofazasi sohasidagi bilimlarini yanada oshirish, ularni sifatli maxsus kiyim-bosh, poyafzal va jamoaviy himoya vositalari bilan o‘z vaqtida ta’minlash, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan shahodatdan o‘tkazish va mehnatni muhofaza qilish sohasida jamoatchi vakillarning nazoratini kuchaytirish ish beruvchilar va kasaba uyushmalarining oldida turgan dolzarb vazifalardan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdilar.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid 2017 – 2019 yillar uchun tuzilgan Bosh kelishuv ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini, shu bilan birgalikda, ularning mehnatini muhofaza qilish va xavfsiz ish o‘rinlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Shundan kelib chiqib, viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalardagi mehnat sharoitlarini baholash, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa va kasb kasalliklarining oldini olish, mehnat xavfsizligini ta’minlash, xodimlar bilim darajasini oshirish va mehnat muhofazasi targ‘iboti ta’sirchanligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Birlashma kengashining mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mutaxassislari va joylardagi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha saylangan vakillar tomonidan jami 1293 ta mehnat muhofazasiga oid qoidabuzarliklar aniqlandi va ularning aralashuvi bilan 1169 ta aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Mehnatni muhofaza qilish, xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish, ishlab chiqarish bilan bog‘liq holda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar natijasida jarohat olgan xodimlarga bir yo‘la va oyma-oy zarar to‘lovlari to‘lanishi tartibi hamda mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasiga oid masalalar bo‘yicha murojaat qilgan 278 nafar xodimlarga huquqiy maslahatlar berildi.
Ish beruvchilar va kasaba uyushmalari o‘rtasida imzolangan jamoa shartnomalariga muvofiq mehnatni muhofaza qilish tadbirlariga 2015 yilda 13 mlrd. 642 mln. so‘m sarflangan bo‘lsa, belgilangan profilaktik chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi natijasida bu ko‘rsatkich 2016 yilda 10,7 foizga ko‘payib 14 mlrd. 685 ming so‘mni tashkil etdi.
Kasallikka chalinishlarning oldini olish yuzasidan profilaktik chora tadbirlarni amalga oshirish maqsadida viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalarda ishlovchi xotin-qizlar ro‘yxati tarmoqlar tizimida shakllantirildi va o‘tgan 2016 yilda 193 866 nafar xotin-qizlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Shuningdek, o‘tgan vaqt mobaynida ayollar mehnati qo‘llanishi ta’qiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay ishlarining ro‘yxati hamda ular qo‘lda ko‘tarishi mumkin bo‘lgan yuk normalarining chegarasi haqida va ayollarning mehnat sharoitini yaxshilash, ularning mazkur sohadagi huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida 117 marotaba o‘quv-treninglar tashkil etildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi apparatining mehnatni muhofaza qilish bo‘limi tomonidan tayyorlangan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoatchi vakillarning ish faoliyatini tashkil etish va mehnat muhofazasiga oid roliklar namoyish etilib, tadbir ishtirokchilari faoliyati namunali tashkil etilgan “Gissarneftgaz” MCHJ qo‘shma korxonasida xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari hamda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoatchi vakillar ish faoliyati bilan tanishtirildi.