“O‘zburg‘uneftgaz” Aksiyadorlik jamiyati majlislar zalida Qashqadaryo viloyatidagi neft, gaz va geologiya tarmog‘i korxona va tashkilotlari kasaba uyushma qo‘mitalari raislari hamda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Ma’lumki, shu kunlarda barcha korxona va tashkilotlarda jamoa shartnomasining bajarilishiga doir yig‘ilishlar o‘tkazilayotir. Shuningdek, jamoa shartnomalarini yangilash, unga qo‘shimchalar qo‘shish jarayonlari ham muhokamalar jarayonining ajralmas qismiga kiradi.
Anjumanda so‘zga chiqqan tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashining mehnat muhofazasi va xalqaro aloqalar bo‘yicha bosh mutaxassisi Sobirjon Egamberdiyev mazkur masalalarga to‘xtalib, mehnat muhofazasi tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.
Ish beruvchi, kasabaqo‘m yetakchisi, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakilning vazifalari, ularning amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, faoliyat namunali yo‘lga qo‘yilganda munosib rag‘batlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
So‘nggi vaqtlarda tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi qator xorijiy davlatlardagi turdosh tashkilotlar bilan hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ymoqda. Yaqinda bir guruh kasaba uyushma xodimlari va boshlang‘ich tashkilotlarning raislari tajriba almashish maqsadida bosh mutaxassis Sobirjon Egamberdiyev boshchiligida Qozog‘iston Resspublikasining “Qazmunaygaz” korxonasi kasaba uyushmalarida mehnat muhofazasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham so‘zlab berdi.
Bosh mutaxassis o‘z navbatida kasaba uyushma faollarining qiziqtirgan savollariga javob qaytardi.
—Bugungi davra suhbati barcha uchun birdek foydali bo‘ldi, —dedi “O‘zburg‘uneftgaz” Aksiyadorlik jamiyati Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Jumaqul Qurbonov.—Chunki tajriba almashish, foydali fikr-mulohazalar, yangiliklar bilan o‘rtoqlashish barchamiz uchun yutuqlarga, o‘sishga zamin yaratadi. Shu boisdan, bugungidek anjumanlarning tez-tez tashkil etilishi tarafdorimiz…
Davra suhbatida tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashining Qashqadaryo viloyatidagi mas’ul tashkilotchisi Fozil Tursunov qatnashib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Kelgusi yil davri mobaynida tarmoq tizimidagi korxonalarda mehnat qilayotgan yoshlarga oid masalalar va ularning muammolari haqida davra suhbatlari, xalqaro seminarlar va uchrashuvlarni tashkil etish ishlari rejalashtirilganligi haqida Davra suhbati ishtirokchilariga aytib o‘tildi.
Shuningdek mazkur Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi xavfsizlik qo‘mitasi Qashqadaryo hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sobir To‘rayev so‘z olib, viloyatda olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida qisqacha ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tdi va bugungi seminar yig‘ilishi viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan yirik sanoat korxonalaridagi kasaba uyushma faollari va korxonalardagi mehnatni muxofaza qilish mutaxassislari tomonidan aytib o‘tilgan fikr-mulohazalari bugungi kunning dolzarb masalalardan biri ekanlini haqida to‘xtalib o‘tdi.