Welcome to O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING QASHQADARYO VILOYAT KENGASHI   Click to listen highlighted text! Welcome to O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING QASHQADARYO VILOYAT KENGASHI

INSON AZIZ BU YURTDA

Hayotning, taqdirning har kimga har xil yozug‘i bor. Oramizda turmushning ayovsiz mushtlaridan ezilgan, dunyoning achchiq kechmishlardan achchiq-achchiq ko‘z yosh to‘kishga-da, majbur bo‘lgan yurtdoshlarimiz yo‘q deysizmi.

Kim ham Yaratgandan o‘ziga uqubat, ranju alam so‘raydi? Hech kim. Ammo dunyoga kelgan inson borki, peshonasiga bitilgan quvonchu tashvishlarni teng baham ko‘rishga, yorug‘ va zulmatli kunlarga sabr bilan chidashga majbur.

Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilayotir.

Xususan, ijtimoiy sohani rivojlantirish orqali imkoniyati cheklangan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalarga zarur shart-sharoitlar yaratib berishga, nogironlarni uy-joy bilan ta’minlash belgilandi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 sentabrdagi “Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida uy-joyga, maishiy texnika jihozlariga ehtiyoji bor, yashash joylarini ta’mirlashda, tibbiy xizmat borasida amaliy yordamga muhtoj oilalar aniqlanib, aholining kam ta’minlangan toifalariga beg‘araz yordam ko‘rsatish bo‘yicha hududiy manzilli dasturlar ishlab chiqildi.

SHAHRISABZ SHAHRI VA TUMANIDA…

Ushbu manzilli dasturlarga muvofiq, Shahrisabz shahri va tumanida 50 nafar ehtiyojmand fuqaroning uy-joyi ta’mirlab berildi. 140 nafar kam ta’minlangan oila esa maishiy texnika jihozlari bilan ta’minlandi. Shuningdek, 9 nafar uy-joyga muhtoj fuqaroga yangi uylar kalitlari topshirildi.

…Qarang, “Do‘stlik” mahallasida “Sun-Javohir-Kesh” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qurib bitkazilgan ikki qavatli uy o‘zgacha fayzga burkangan. Bu bu uylar egalariga topshiriladi.

Xonadon sohiblariga yangi uylarning kalitlarini topshirar ekan, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev, viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Eson Rajabov o‘zlarining eng samimiy tilaklarini izhor qilishdi.

—Shahrisabz tumanining eng chekka Ko‘l qishlog‘idagi avariya holatiga kelib qolgan uyda onam, ikki ukam, turmush o‘rtog‘im va ikki farzandim bilan yashab kelayotgandim, —dedi biz bilan suhbatda yangi uy sohiblaridan biri Qudrat Murtazoyev.— O‘zim birinchi guruh nogironiman. Kasaba uyushma va mahalla faollari xonadonma-xonadon yurib, bizning muammolarimizdan ham xabardor bo‘lishdi. Mutasaddi rahbarlarning xulosasiga ko‘ra, Prezident qaroriga asosan uy bilan ta’minlandim. Uch xonali, shinamgina uy. Shuningdek, Shahrisabz tuman hokimligi tomonidan gaz plita ham berildi. Butun oilamiz bilan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdormiz.

——Bizning uch bolamiz bor,— dedi navbatdagi suhbatdoshimiz Hulkar Ergasheva.—9 yoshli o‘g‘lim Asqarbek bir qiziq ish qilibdi. U yaqinda ariqchadan baliqcha ushlab olib, unga uchta tilagini aytibdi. “Sehrli baliqcha, senga uchta tilagim bor. Birinchisi, bizning ham o‘z uyimiz bo‘lsin. Ikkinchisi, askar bo‘lay. Uchinchisi, ulg‘ayib, ishlab, mashina olay”, debdi.

Bu hazilga o‘xshaydi-yu, ammo bo‘lgan voqea. Qarang, o‘g‘limning birinchi tilagi ijobat bo‘ldi. Sakkiz yildan beri ijarama-ijara ko‘chib, charchagandik. Hatto MMTP binosida ham yashashga majbur bo‘ldik. Mana bizga ham uy nasib etdi. Buning uchun Yurtboshimizga butun oilamiz nomidan cheksiz tashakkur izhor etamiz…

—Besh farzandim bilan avval onamning katalakdek uyida yashardik, —dedi Go‘zal Xurramova.—Bugun hayotimdagi eng baxtli kun. Bizdek miskinlarni o‘ylagan Prezidentimizning umri uzoq bo‘lsin!

—Turmush o‘rtog‘im Muqaddam Berdiyeva ikkinchi guruh nogironi, —dedi Said aka Mamadaliyev.—Uning bemorlanganiga 30 yildan oshdi. Kambag‘allik qursin, yaxshi davolatolmadim ham. O‘zim bolalar bog‘chasida qorovul bo‘lib ishlardim. Uyimiz torligi uchun shu yoqda yotib yurardim. Prezidentimiz g‘amxo‘rligi tufayli uch xonali uyga ko‘chib o‘tdik. Quvonchdan ko‘zlarimga yosh keldi…

Bundan tashqari, Shahrisabz shahri hokimi qarori bilan yana uch nafar uy-joyga muhtoj fuqaroga ham yangi kalitlari topshirildi.

  VILOYAT MARKAZIDA

Shuningdek, Qarshi shahrida ham uchta uy egalariga topshirildi.

—Ko‘p yillar dalada mexanizator bo‘lib ishladim,—dedi uy sohibalaridan biri Mahbuba opa Saidalimova.—Brigada boshlig‘i bo‘lib, Nishon cho‘llarini o‘zlashtirishda qatnashdim, davlat rejalarini oshirib bajardik. Mehnatlarim munosib qadrlandi.

Ammo so‘nggi yillar men uchun og‘ir zarbalar, sinovlarni tayyorlab qo‘ygan ekan. 2009 yilda ikki nafar o‘g‘limdan ayrildim. Yillar o‘tib, 2017 yilda kelinimni mashina urib ketdi va yana bir farzandimdek bo‘lib qolgan insondan ajrab, ko‘k kiydim. Aza ochdim. Farzandlarimdan yetim qolgan to‘rt nafar nabiram tarbiyasi o‘zimga qoldi.

Dardim ichimga sig‘may, viloyat hokimi huzuriga bordim va navbatga yozilib, qabuliga kirdim. Zafar Sharopovich dardlarimni sabr bilan tingladi, dalda berdi. Yordam berajagini aytdi.

Bir kuni uyimga mahalla va kasaba uyushma faollari kelib, ahvolimizni o‘rganishdi, vaziyatimizni teran anglashdi. Ushbu sa’y-harakatlarning samarasi o‘laroq, aholining kam ta’minlangan toifalariga beg‘araz yordam ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan  hududiy dasturga ko‘ra, bizning oilamizga ham uy-joy berildi. Shikasta dillarimiz yorishdi, qalbimizdan yiroqlashib ketgan quvonch mujdalari qaytdi. Bizga shodlik ulashgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirib, duo qilishdan to‘xtamayman…

—Besh nafar farzandim bor, —dedi Shahlo Ubaydullayeva.—Ularning to‘rtovi sil kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turadi. O‘zim ham nogironman. Ammo bizning oilamiz uchun ham yorug‘ kunlar bor ekan. Uyimiz yo‘q edi, yangi uy berishdi.  Menday ojiza uchun bu katta baxt-saodat.

Nasib bo‘lsa, bolalarimga yaxshi tarbiya beraman. Prezidentini, Vatanini sevadigan insonlar qilib voyaga yetkazaman. Oilamizga ro‘shnolik olib kirgan davlatimiz rahbariga, kasaba uyushma faollariga rahmat!

KOSON TUMANIDA

Bunday savobli va xayrli tadbirlar Koson tumanida ham davom etdi.

To‘rt nafar ehtiyojmand fuqaroga yangi uy berildi.

—Uyimiz yo‘qligi uchun xo‘jalikning eski hammom binosida yashab kelardik,—dedi ko‘z yoshlarini tiya olmayotgan oila bekasi Dilso‘z Ergasheva.—Ikkinchi guruh nogironiman. Turmush o‘rtog‘im mavsumiy ishlarni bajarib yuradi. Bir qiz, ikki o‘g‘limiz bor. Yangi uyga ko‘chib o‘tar ekanmiz, barchamizda hayotga, yashashga qiziqish, ishtiyoq ortdi. Yo‘qsa, juda umidsizlikka tushib qolgandim…

Bundan tashqari, Matluba Tursunova, Saodat Arziqulova, Shahlo Xoldorova singari hamyurtlarimiz ham yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tishdi, hayot lahzalari shodlik va baxt ziyosidan charog‘onlashdi.

 Tilagimiz, g‘urbatli, rutubatli damlar, nochorlik soya solgan, tushkunlik tuyg‘ulari ila qorishiq  daqiqalar ortda qolgani rost bo‘lsin, siz uchun, aziz zamondosh!

—Prezidentimizning 3268-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2018 yilda 6 nafar to‘shakda yotib qolgan bemorga dori-darmon vositalari olib berildi,—dedi biz bilan suhbatda Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Koson tuman kengashi raisi Shuhrat Ortiqov.—25 nafar fuqaroning uy-joyi ta’mirlab berildi. Mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, 87 nafar kam ta’minlangan fuqaro ro‘yxati shakllantirildi. Ular orasidan eng nochor ahvolda yashaydigan, uy-joyga ehtiyoji borlari tanlab olinib, manzilli dasturga muvofiq, uy bilan ta’minlandi.

—Jannatmakon yurtimizga ko‘z tegmasin, —dedi ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Qashqadaryo viloyatidagi mas’ul tashkilotchisi Shodmon Kubayev.—Insonparvarlik, aholining ehtiyojmand qatlamlariga g‘amxo‘rlik bizda davlat siyosati darajasiga chiqqan. Bu borada amalga oshirilayotgan tadbirlarning sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydi.

Yaqinda xizmat yuzasidan Gretsiya davlatida bo‘lib qaytdim. Ishonasizmi, juda ko‘pchilik greklarning uy-joyi yo‘q ekan. Ular ko‘cha-kuyda yotib, kun kechirisharkan. Faqatgina qishning sovuq kunlarida mahalliy mutasaddilar metroning eshiklarini ochib qo‘yib, uy-joysiz, boshpanasiz aholiga metropoliten kutish zallarida, ichkarisida isinish, jon saqlash imkonini berisharkan. Bunday manzaralarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rar ekanman, O‘zbekistondek inson qadriga yuqori darajada e’tibor beradigan jannatmakon yurtda yashayotganimga chin yurakdan shukronalar aytdim…

 

Print Friendly, PDF & Email
Click to listen highlighted text!