O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Xalqaro Mehnat Tashkiloti tomonidan 2019 yil 2 fevralda tasdiqlangan tadbirlar rejasiga muvofiq “Mehnat muhofazasi va xavfsizligi milliy tizimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining imkoniyati va rolini oshirish” mavzusida 2019 yil 4-5 iyul kunlari Andijon viloyatining Xonobod shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar hududiy kasaba uyushma tashkilotlari birlashmalarining mehnatni muhofaza qilish bo‘limi xodimlari uchun seminar yig‘ilishi tashkil etildi.
Seminar yig‘ilishida Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Moskva byurosi mehnat muhofazasi va mehnat inspeksiyasi bosh mutaxassisi Valentin Mokanu, Ruminiya kasaba uyushmalari Milliy konfederatsiyasining mehnat muhofazasi bo‘yicha eksperti Korneliu Konstantinoyalar Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda, shuningdek Ruminiya davlatida mehnat muhofazasi va xavfsizligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda zararli ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish, ishlab chiqarish bilan bog‘liq holda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar oqibatida halok bo‘lgan xodimlarning oila-a’zolariga bir yo‘la to‘lanadigan tovon pullarini to‘lash bo‘yicha ish beruvchilar va kasaba uyushmlari tomonidan olib borilayotgan ish tajribalari (Ruminiya tajribasi) to‘g‘risida ma’ruza qildilar.
Shundan kelib chiqib, joriy yilning 25 iyul kuni viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashining majlislar zalida birlashma apparati xodimlari, tarmoq kasaba uyushmalarining viloyatdagi mas’ul tashkilotchilari, tarmoq kasaba uyushmalari Qarshi shahar kengashlari xodimlari ishtirokida yig‘ilish tashkil etilib, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda, shuningdek Ruminiya davlatida mehnat muhofazasi va xavfsizligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mazkur sohada ish beruvchilar va kasaba uyushmlari tomonidan olib borilayotgan ish tajribalari (Ruminiya tajribasi) to‘g‘risida so‘zlab berildi. Yig‘ilish jarayonida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga javoblar berildi.
Yig‘ilish so‘nggida mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha hamda yo‘llarda sodir bo‘layotgan avtohalokatlar, qurilish va yong‘in xavfsizligiga oid videoroliklar namoyish etildi.