2020 yilda Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrugida kasaba uyushma qo‘mitasi tuzilgandi. Ortda qolgan vaqt mobaynida qo‘mita ish beruvchi bilan sheriklikda ishchi-xizmatchilarning og‘irini yengil qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini ifodalashda o‘zining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi.
Okrugda 2023-2025 yillarga mo‘ljallab jamoa shartnomasi tuzilgan bo‘lib, mazkur lokal hujjat bunda dasturiamal vazifasini bajaryapti. Yaqinda jamoa shartnomasi bandlarining 2023 yilda bajarilishi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Unda boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Farrux Qudratovning hisoboti tinglandi.
Ta’kidlandiki, jamoa shartnomasiga ayollar va yoshlar uchun imtiyozlar ko‘zda tutilgan alohida bo‘limlar, Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Konvensiyalariga amal qilinishini ta’minlashga qaratilgan bandlar kiritildi.
Shuningdek, hisobot davrida jamoa shartnomasida ko‘zda tutilgan imtiyozlarga ko‘ra, har bir xodimga 3 kundan 12 kungacha bo‘lgan muddatdan iborat haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’tillar berildi. 33 nafar Qurolli kuchlar xizmatchisiga ish beruvchi hisobidan o‘rtacha 4-5 million so‘mdan moddiy yordam pullari to‘landi.
5 nafar Qurolli kuchlar xizmatchisiga tungi ishlarda va kechki smenalarda ishlaganligi uchun 7 300 000 so‘mdan ustama va qo‘shimcha to‘lovlar berildi. Harbiy okrug kasaba uyushma qo‘mitasining iltimosnomasiga ko‘ra, 41 nafar ishchi-xizmatchiga “Kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan 200 000 so‘mdan mukofot pullari taqdim etildi.
Yig‘ilish davomida so‘zga chiqqanlar jamoa shartnomasi bandlarining bajarilishini qoniqarli, deb topishdi. Shuningdek, yangi tuzilayotgan lokal hujjat loyihasi ish beruvchi vakillari tomonidan ko‘rib chiqilganidan so‘ng barcha tarkibiy bo‘linmalarda muhokama qilinishi va ularni xodimlar berayotgan takliflar bilan yanada mukammallashtirishga kelishib olindi.