Qarshi shahrida Xalqaro mehnat tashkilotining “Ko‘p millatli korporatsiyalar va ijtimoiy siyosatga taalluqli tamoyillar to‘g‘risidagi uch tomonlama deklaratsiyasi asosida kasaba uyushmalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish” mavzusida hududiy seminar tashkil etildi.
Uni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qashqadaryo viloyat kengashi raisi Baxtiyor Jo‘raev olib bordi.
Viloyatdagi yirik xorijiy korxonalar, neft-gaz sanoati tizimidagi korporatsiyalar vakillari, kasaba uyushma faollari qatnashgan anjuman erkin fikr almashuv, xodimlar manfaatini ifodalagan ma’ruzalar, qizg‘in savol-javoblar ruhida o‘tgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Dastlab XMT Mehnatkashlarning faoliyati bo‘yicha
byurosi (ACTRAV) ning Yevropa va Markaziy Osiyo sektori
mudiri Sergeyus Glovaskas Xalqaro tashkilot tomonidan tomonidan olib borilayotgan o‘rganishlar, ko‘pmillatli korxonalarda kasaba uyushma faoliyati, xodimlarga yaratilgan mehnat sharoitlari, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy himoyasini yanada yaxshilash yo‘lida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Yuridik bo‘limi mudiri Hamidulla Premkulov Mehnat munosabatlarini tartibga solishda kasaba uyushmalarining vakolatlari xususida mufassal va aniq tushunchalar berdi. Ta’kidlandiki, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 173 ta bandida kasaba uyushmalarining vazifa va vakolatlari alohida qayd etib o‘tilgan hamda bu soha vakillariga bildirilgan yuksak ishonch va mas’uliyat namunasi hamdir.
O‘zKUF mehnatkashlarning ijtimoiy- iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘lim mudiri, texnika fanlari nomzodi Mahmudjon Isaev jamoa shartnomalarini O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga binoan ishlab chiqish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Oldingi va amaldagi Mehnat kodeksi bandlarini qiyoslash orqali xodimlarga joriy etilgan imtiyozlarga mufassal sharh berdi.
O‘zKUF mehnatni muhofaza qilish bo‘lim mudiri, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nodira Gaibnazarova kasaba uyushmalari faoliyatida gender tenglikni ta’minlash masalalariga to‘xtaldi. Mamlakatimizda xotin-qizlarga berilayotgan e’tibor, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ayollarga joriy etilgan imtiyozlar, insonparvar “Ayollar daftari” tadbirlarini e’tirof etdi.
Genderga oid auditni o‘tkazish uslubiyati, uning huquqiy asoslari, bu jabhada kasaba uyushmalari oldidagi vazifalarga seminar ishtirokchilarining e’tiborini qaratdi. Ta’kidlandiki, genderga oid audit tasdiqlangan uch yillik rejaga asosan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik nazorati doirasida o‘tkaziladi.