Welcome to O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING QASHQADARYO VILOYAT KENGASHI   Click to listen highlighted text! Welcome to O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING QASHQADARYO VILOYAT KENGASHI

Insoniyat xavfsizligini sun’iy intellektga topshirishga tayyormi?

         28 aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni. Shu sanaga bag‘ishlab, Qashqadaryo viloyatida ham qator tadbirlar tashkil etildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qashqadaryo viloyati kengashida ham viloyatdagi ko‘rxona va tashkilotlar tomonidan ish vaqtida texnika xavfsizligiga rioya etish bilan bog‘liq amaliy ko‘rgazma, so‘ng esa “Mehnat muhofazasining yangi bosqichi: ish joyida sun’iy intellekt va raqamlashtirishning roli” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Ma’lumki, jahon miqyosida mehnat muhofazasi sohasidagi yondashuvlar o‘zgarib bormoqda. Ilgarigi an’anaviy usullar o‘rnini yangi texnologiyalar – sun’iy intellekt va raqamlashtirish bosib olmoqda. Innovatsion yondashuvlar ish joylaridagi xavf-xatarlarni kamaytirish, ishchilarning sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash borasida katta imkoniyatlar yaratmoqda.

– Sun’iy intellekt asosida ishlovchi tizimlar ish joyida yuz berishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni oldindan aniqlash qobiliyatiga ega, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qashqadaryo viloyati kengashi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Abror Samadov. – Masalan, sensorlar va videokuzatuv vositalari orqali ma’lumotlar yig‘iladi va sun’iy intellekt tahlillari orqali xavfli holatlar bo‘yicha ogohlantirish yuboriladi. Dunyo miqyosida ta’lim va trening jarayonlari raqamlashtirilishi bilan birga, ish joyidagi real vaqt nazorati ham avtomatlashtirilmoqda. Masofadan turib boshqarish, xavfsizlik texnikasiga rioya qilishni tekshirish sun’iy intellekt orqali amalga oshiriladi. Bugungi davra suhbatida bildirilgan fikrlar
va belgilangan vazifalar viloyatimizdagi har bir korxona, tashkilot va muassasalarda ishlovchi xodimlarning hayoti va sog‘lig‘i ustuvorligiga erishishda o‘zining ijobiy samarasini beradi.

Davra suhbatida mutaxassislar, mehnat muhofazasida sun’iy intellektning ahamiyati borasida izlanish olib borayotgan olimlar so‘zga chiqib, zamonaviy mehnat bozorida ishchi-xodimning xavfsizligi, uning ruhiy holati va ishchanlik kayfiyati ish samaradorligiga erishishda muhim rol o‘ynashini ta’kidlashib, bunday holatlarni aniqlashda sun’iy intellektning aniqlik darajasi haqida fikr bildirib o‘tishdi.

– So‘nggi yillarda xodimlar ruhiy salomatligi va farovonligi masalalari nafaqat tibbiyot sohasi, balki iqtisodiyot, axborot texnologiyalari va inson resurslarini boshqarish kabi yo‘nalishlarda ham dolzarb ilmiy muhokamaga aylangan, – deydi Qarshi davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Shohrux Mirzaev. – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘zining siyosiy brifingida ishchilarning ruhiy salomatligi buzilishi natijasida global iqtisodiyot har yili 1 trillion AQSh dollarigacha yo‘qotishlar ko‘rishini qayd etgan. Sun’iy intellektning ish joylarida ruhiy salomatlikni qo‘llab-quvvatlashdagi potensiali haqida World Economic Forum hisobotida keng yoritilgan bo‘lib, u sun’iy intellekt orqali stressni erta aniqlash, jamoaviy kayfiyatni tahlil qilish va moslashtirilgan maslahatlar berish imkoniyatlarini ko‘rsatgan.

Mehnat muhofazasining raqamlashtirilishi va sun’iy intellekt texnologiyalarining joriy etilishi sohada yangi bosqichni boshlab berdi. Bu jarayon nafaqat xavfsizlikni oshirish, balki ish samaradorligini ham kuchaytirishga xizmat qiladi. Har qanday texnologiya kabi bunda ham to‘g‘ri yondashuv va mas’uliyatli boshqaruv muhim ahamiyat kasb etadi.

Davra suhbati so‘nggida “Eng yaxshi korxona”, “Eng yaxshi kasaba uyushmasi”, “Eng yaxshi vakil”, “Eng yaxshi yosh mutaxassis” nominatsiyalari bo‘yicha respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.

Bahodir Halimov, Ishonch

 

 

Print Friendly, PDF & Email
Click to listen highlighted text!