Qashqadaryo viloyatida 616 ming 951 nafar ishchi-xodimlar kasaba uyushmalariga birlashgan. Bu raqamning o‘zi tizim xodimlaridan har bir masalada mas’uliyat bilan faoliyat yuritishni talab etadi. A’zolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, har bir jamoada sog‘lom mehnat muhitini yaratish demokratik tamoyillar kun sayin mustahkamlanib borayotgan mamlakatimizda muhim va dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Buning uchun esa kasaba uyushmalari xodimlari fidoyilik bilan mehnat qilayotgani ham bor gap. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, tizimda ham o‘zibo‘larchilikni odat qilib olganlar topiladi. Ayni paytda tizimda bo‘lib o‘tayotgan hisobot-saylov yig‘ilishlari, konferensiyalarida shunday raislar o‘z o‘rnini ishonchli, mas’uliyatli raislarga bo‘shatib bergani ham ayni haqiqatdir. Muqobillik asosida o‘tkazilgan bu yilgi hisobot-saylov yig‘ilishlarida Qashqadaryo viloyatida boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari, tarmoqlar va ularning tuman-shahar bo‘limlari raislari etib saylanganlarning 707 nafari yoki 23,4 foizi birinchi bor ushbu mas’uliyatli lavozimni zimmasiga oldi. Saylanganlar orasida 42,8 foizi xotin-qizlar, 6 foizi esa yoshlardir. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu yilgi saylovlar jarayonida birinchi marta boshlang‘ich tashkilotlar raislarini muqobillik asosida saylash amaliyoti qo‘llandi. 108 ta tashkilotda raislar 2-3 nafar nomzodlar ichidan yopiq-yashirin ovoz berish yo‘li bilan tanlab olindi. Dastlab viloyatdagi mavjud 3001 ta boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida, keyinchalik viloyatdagi tarmoq kasaba uyushmalari va ularning tuman-shahar bo‘limlarida o‘tkazilgan hisobot-saylov yig‘ilishlari, konferensiyalari joriy yilning 4 iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Qashqadaryo viloyati kengashining IX hisobot-saylov konferensiyasiga ulandi.
Konferensiya kun tartibiga 9 ta masala kiritildi. Xususan, kengash raisining 2020-2025 yillar davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisoboti, taftish komissiyasining hisoboti, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Qashqadaryo viloyati kengashi raisi va raisi o‘rinbosarini saylash masalalari shular jumlasidandir.
Konferensiyada O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi maslahatchisi, senator Husan Ermatov, federatsiyaning tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri o‘rinbosari Bobur Ulug‘bekov, Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ishchi rayosat tarkibida ishtirok etdi.
Viloyat hokimi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan Shahrisabz tumanida 30 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanib, “Gulnora” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi barpo etilgani, Qarshi shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida 103 milliard so‘mlik suv sporti saroyi qurilayotgani, Shahrisabz tumanida 80 milliard so‘mlik sanotoriya qurilishi boshlanish arfasida ekanini, alohida ta’kidlab, ushbu ulkan bunyodkorlik ishlari uchun federatsiya rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Dastlab ishchi rayosat saylab olingach, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Qashqadaryo viloyati kengashi raisi Baxtiyor Jo‘raevning 2020-2025 yillar davomida kengash tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.
Hisobotda keltirilishicha, hozirda viloyat kasaba uyushmasi tashkiloti tarkibiga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyat Kengashi, 4 ta tarmoq miqyosidagi viloyat kengashlari, 2 nafar Respublika Kengashlarining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi, 2 ta tarmoq miqyosidagi birlashgan qo‘mitalar, 51 ta shahar va tuman kengashlari va ularga qarashli 3017 ta boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti mavjud.
Kasaba uyushmalari afzalliklarini targ‘ibot qilish yuzasidan amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida hisobot davrida 8204 ta nodavlat sektoriga mansub korxona, tashkilot va muassasalar kasaba uyushmasiga jalb etilib, ularda mehnat qilayotgan 166 ming 955 nafar xodim kasaba uyushmalarining xizmati bilan qamrab olinishiga erishildi.
Hisobot davrida korxona, tashkilot va muassasalarda ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish ishlari ham kasaba uyushmalarining doimiy e’tiborida bo‘ldi.
Ushbu muhim yo‘nalishda viloyat Kengashi, tarmoq kasaba uyushmalari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2024 yil va 2025 yilning o‘tgan davrida viloyat bo‘yicha qariyb 5 milliard so‘m miqdorida o‘z vaqtida to‘lanmagan ish haqi to‘lab berilishiga erishildi.
Bundan tashqari o‘tgan hisobot davrida xodimlarning mehnatini muhofaza qilish, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taaluqli bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi bo‘yicha 80 ta tashkilotlarda jamoatchilik nazorati olib borildi. Jamoatchilik nazorati jarayonida 904 ta kamchilliklar aniqlanib, 72 ta ko‘rsatma kiritildi va kamchilliklar bartaraf etilganligi to‘g‘risida yozma ma’lumotlar olindi. Jamoatchilik nazorati natijasida kiritilgan ko‘rsatmalarga asosan 27 ming 902 nafar ishchi-xodimlarni 60 milliard 189 million 386 ming so‘mlik ish haqlari undirib berildi.
Viloyatdagi kasaba uyushmalariga a’zo tashkilotlarda hisobot davrida ishlab chiqarish bilan bog‘liq holda 51 ta baxtsiz hodisa ro‘y bergan. Shundan 21 tasi o‘lim bilan tugagan.
Baxtsiz hodisalar sabablari mutaxassislar tomonidan tahlil etib kelinmoqda. Baxtsiz hodisalar oqibatida jabrlanganlar va boquvchisini yo‘qotganligi uchun zarar to‘lovini olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga ish beruvchilar va kasaba uyushmasi mablag‘laridan 328 million 462 ming so‘m miqdorida moddiy yordam va qo‘shimcha to‘lovlar berilgan.
– Besh yillik faoliyatni tahlil etadigan bo‘lsak, bunday raqamlarni ko‘plab keltirish mumkin, – deydi Baxtiyor Jo‘raev. – Besh yil davomida ko‘plab kam ta’minlangan oilalarning uy-joyini ta’mirlashga, ularning sog‘lig‘ini tiklashga, kasbga yo‘naltirishga, “Ayollar daftari”ga ro‘yxatga olingan xotin-qizlar bilan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Qashqadaryo viloyati kengashi bor imkoniyatlardan foydanib kelmoqda.
Raisning hisoboti delegatlar tomonidan qoniqarli deb topildi.
– Hisobotni tinglarkanman, undagi amalga oshirilgan ishlar haqiqatda amalga oshirilgani, Baxtiyor Jo‘raevning 5 yillik foliyatini qoniqarli deb baholadim, – deydi madaniyat, fan va ta’lim kasaba uyushmalari Qarshi shahar bo‘limi raisi Sherzod Yo‘ldoshev. – O‘qituvchilar manfaatini himoya qilish, tarbiyachilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari o‘tgan 5 yillik davrda belgilangan tartibda amalga oshirildi.
Hisobot-saylov konferensiyasida 127 nafar delegatdan 118 nafari ishtirok etdi. Kengash raisi va raisning o‘rinbosari lavozimlariga 2 nafardan nomzod delegatlar tomonidan taklif etildi va tasdiqlandi. Yopiq-yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan hisobot-saylov konferensiyasida 98 ta ovoz bilan amaldagi rais Baxtiyor Jo‘raev 5 yil muddatga saylangan bo‘lsa, 96 ta ovoz bilan Isoq Ahmedov raisning o‘rinbosari lavozimiga yana bir bor ishonch bilan saylandi.
Yig‘ilishda taftish komissiyasi son tarkibi, kengash tarkibi, ijroiya qo‘mitasi tarkibi, shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi qurultoyiga delegatlar ro‘yxati tasdiqlab olindi.