So‘ngi yillarda qishloq xo‘jaligida yer va suv munosabatlarini tartibga solish, qishloq xo‘jalik ekin maydonlaridan samarali foydalanish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yuqori daromadli eksportbop mahsulotlar yetishtirish, davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlarini xarid narxini oshirib borish hisobiga qishloq xo‘jalik korxonalarining moliyaviy barqarorligini taminlashga doir ko‘plab Davlat rahbari va Hukumatning qarorlari qabul qilinmoqda.
Shulardan biri 2018 yilning 2 iyulida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan ,, Fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3824-sonli qaroridir.
Mazkur qaror bilan tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzurida Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tuzildi. Bunda markaz xodimlarining ish haqi va unga tenglashtiriladigan xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan bo‘ldi.
,,Agrobank” ATB, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Respublika fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining birgalikdagi takliflari asosida davlat ehtiyojlari uchun paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining agrotexkartalari asosida ajratilgan kredit resurslarini onlayn tarzda boshqarish, to‘lovlarni amalga oshirish va qoldiqlarni nazorat qilib borish imkonini beruvchi maxsus mobil banking dasturiy taminoti ishlab chiqildi.
Ushbu qaror bir tomondan paxta xom-ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini takomillashtirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan fermer xo‘jaliklari xodimlari-kasaba uyushmasi azolarining azolik badalini o‘z vaqtida to‘lanishida o‘z hissasini qo‘shadi.