Welcome to Qashqadaryo viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Qashqadaryo viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi

JAMOATCHILIK NAZORATI: 12 MILLIARD 539 MILLION SO‘MLIK ISH HAQLARI TO‘LAB BERILDI.

        Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taaluqli bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi apparati kasaba uyushmalari inspeksiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgandi.

            Aytish o‘rinli, mazkur inspeksiya tomonidan turli tashkilotlar faoliyati o‘rganilganda, qonun buzilishlariga ham yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holatlarni bartaraf etish maqsadida 41 holatda ko‘rsatmalar kiritilishi natijasida 3400 xodimning 12 milliard 539 million 194 ming so‘mlik ish haqlari to‘lab berildi hamda 27 nafar fuqaro o‘z ishiga qayta tiklandi.

            Bundan tashqari koronavirusga qarshi kurash tadbirlari uchun jalb qilingan xodimlarga har kunlik qo‘shimcha (oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida) to‘lovlarning to‘lanishi bo‘yicha viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga ko‘rsatma kiritilib, 1 milliard 907 million so‘m pul mablag‘lari to‘lab berilishi ta’minlandi.

            Paxta hosilini yig‘ib-terib olish mavsumi davomida paxta yetishtirishga ixtisoslashgan 11 tumandagi 94 ta fermer xo‘jaligi, 4 ta klaster korxonasi, 18 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hamda 7 ta korxona, tashkilot va muassasalarda bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish, terimchilarga yaratilgan maishiy va sanitar-gigiyenik sharoitlarning ahvoli, terim pullarining o‘z vaqtida to‘lanishi hamda terimda ishtirok etuvchilar tomonidan pandemiya vaqtida tasdiqlangan meyoriy qoidalarga rioya qilinishi holatlari jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganildi.

            O‘rganish jarayonida 81 holatda terimchilarga zarur mehnat va dam olish sharoitlarining yaratilmaganligi, 71 holatda sanitariya-gigiyena talablarining qo‘pol ravishda buzilishi, 11 holatda terimchilarga terim pullari o‘z vaqtida tarqatilmagani, 570 holatda terimchilar bilan mehnat shartnomalari tuzilmaganligi, 1 holatda esa bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, yuzaga kelgan kamchiliklar bartaraf etilishiga erishildi.

Paxta mavsumi davomida Muborak, Mirishkor va Qarshi tumanlarida terimda ishtirok etayotgan otryad rahbarlari va uyushmagan aholi vakillari o‘rtasida mehnat shartnomalarining tuzilmaganligi hamda terimchilarning terim pullari bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorlik holatlari iniqlanib, 6 holatda viloyat bandlik bosh boshqarmasiga ko‘rsatmalar kiritildi.

Shuningdek, Nishon, Qarshi, Muborak, G‘uzor, Chiroqchi va Mirishkor tumanlarida terimda ishtirok etib terim pullarini ololmayotgan terimchilarga 107 million 549 ming so‘mlik terim pullari to‘liq to‘lattirib berildi.

Print Friendly, PDF & Email
Click to listen highlighted text!