Shahrisabz shahar san’at saroyi zalida siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Ishonch” gazetasining joriy yil 15 oktabr sonida bosilgan “Ilk va so‘nggi so‘zimiz: Vatan! Sarlavhali maqolasi muhokamasiga bag‘ishlangan “Davra suhbati” bo‘lib o‘tdi. Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Shahrisabz shahar kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqan davlat, nodavlat va jamoat tashkilotlari vakillari maqolada ona tilimizga munosabat, keyingi paytda shiddat bilan rivojlangan texnika asri terminlari mazmuniga bag‘ishlangan huquqiy, iqtisodiy milliy terminologiya yaratish, milliy mafkura, milliy tafakkurni shakllantirish borasida bildirilgan fikrlar, tanqidiy mulohazalar bugungi kun uchun nihoyatda dolzarbligini aytib o‘tishdi.
“Davra suhbati”da maqolada tanqid qilinganidek, shaharlarimizning badiiy-ma’naviy landshaftini yaratish, ko‘chalardagi reklama yozuvlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari nomlarini tartibga keltirish butun jamoatchilikning dolzarb vazifasi ekanligi, bunday kamchiliklar Shahrisabz shahrida ham mavjudligi ta’kidlandi.