Welcome to Qashqadaryo viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Qashqadaryo viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi

Kasaba uyushma faollari yoshlar huzurida

    Ma’lumki, yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Bejizga “Tarbiya qancha mukammal bo‘lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi”, deyishmagan donishmandlarimiz.

   Biz yashayotgan XXI asrda bu masala, ta’lim-tarbiya, yoshlarga e’tibor mezonlari haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib ulgurdi.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2018 yilda yoshlarga oid siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan edi.

Ta’kidlash joizki, joylarda kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan mazkur Dastur ijrosini ta’minlash, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida sezilarli siljishlar kuzatilmoqda.

Qashqadaryo viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi tomonidan Qarshi davlat universitetida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ham aynan yuqoridagi dolzarb masalalar haqida so‘z bordi.

Uchrashuvni universitet rektori Bahodir Shoimqulov olib bordi.

Muloqot chog‘ida viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Eson Rajabov mamlakatimizda yoshlarga juda katta imkoniyat eshiklari ochilgani, ularga yangidan-yangi imtiyozlar yaratilayotganini ta’kidladi. Xususan, Respublika Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi tashkil etilgan kun – 30 iyun sanasining “Yoshlar kuni” deb e’lon qilinishi, turli soha va tarmoqlarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan yigitlarni taqdirlash maqsadida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotining joriy qilinishi, jamoat va davlat ishlarida faollik ko‘rsatgan yosh avlod vakillari uchun “Kelajak bunyodkori” medalining ta’sis etilishi so‘zimiz isbotidir.

Qayd etildiki, viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi tomonidan 2017 yilda Dastur ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatdagi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan 16352 tadan ortiq korxona va tashkilotlar Jamoa shartnomalariga yoshlar uchun qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar kiritildi.

1761 ta korxona tomonidan 11272 nafar kam ta’minlangan oila farzandiga 130 million 331 ming so‘mlik o‘quv qurollari, darsliklar xarid qilindi.

1644 ta korxona tomonidan 3426 nafar ehtiyojmand yosh oila vakillariga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan iqtidorli, kam ta’minlangan va chin yetim talabalarga o‘quv shartnoma pullari qisman to‘lovini amalga oshirishga 465 million  517 ming so‘m sarflandi.

Yosh oilalarga uy-joy qurish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni xarid qilish maqsadida 61 ta korxona tomonidan 99 ta yosh oilaga foizsiz ssudalar ajratildi…

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqining Universitetdagi yetakchisi Eldor Barotov ham so‘zga chiqib, oliy o‘quv yurtida yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, yoshlarga oid Davlat dasturi ijrosi yo‘lidagi reja va vazifalarga to‘xtaldi.

Shuningdek, Xorijiy tillar fakulteti Ingliz tili va adabiyoti yo‘nalishida tahsil olayotgan Shohjahon Xayrullayev ham so‘zga chiqdi.

-Guruhimizda kasaba uyushmasi tashkiloti yetakchisi, Universitet xodimlari va talabalari kasaba uyushma qo‘mitasi a’zosiman, – dedi Shohjahon o‘zini tanishtirib. Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish zamirida biz yoshlarga juda ko‘plab imtiyoz va imkoniyatlar belgilangan. Masalan, biz ilmu-fan cho‘qqilarini zabt etish yo‘lida izlanibgina qolmay, Prezident stipendiyasi, Alisher Navoiy, Beruniy, ibn Sino, Islom Karimov va boshqa buyuk olimlarimiz nomidagi davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lishimiz mumkin.

“Kasaba uyushmalari stipendiyasi” va “Kasaba uyushmalari ta’lim granti” loyihalari ham yuqoridagi so‘zlarimga misol bo‘la oladi…

Tadbir chog‘ida Qarshi davlat universitetining “Tabiiy fanlar” fakulteti, biologiya yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Dilshoda Roziqovaga eng kam ish haqining besh barobari miqdorida olti oy muddatga kasaba uyushmalari stipendiyasi tayinlangani e’lon qilindi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining sertifikati topshirildi.

Uchrashuv kasaba uyushma faollari va talabalarning ochiq muloqoti tarzida, qizg‘in savol-javoblar ruhida davom etdi.

– 2017 yil 16 iyun sanasida Toshkent shahrida kasaba uyushmalarining “Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik!” shiori ostida Forumi tashkil etilgan edi, -dedi biz bilan suhbatda Universitet xodimlari va talabalari kasaba uyushma qo‘mitasi raisi To‘ychi Valiyev. Ushbu Forumda juda ko‘plab muhim vazifalarimiz belgilab berildi. Shuning uchun Forum yakunlari bo‘yicha universitetda ham amaliy seminar o‘tkazildi. Yirik anjumanda delegat sifatida qatnashganim uchun tafsilot va taassurotlarimni seminarda so‘zlab berdim.

Ma’lumki, kasaba uyushmalari oldidagi ustuvor vazifalardan biri yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, ularning mehnat huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratishdan iboratdir.

Ta’lim muassasamizda ish beruvchi va hamkorlar (Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar Ittifoqi va boshqalar) bilan birgalikda yosh avlodni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, faolligini oshirish, ehtiyojmand talabalarni rag‘batlantirib borish tadbirlari izchil amalga oshirilayotir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018 yilning “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishida katta ma’no, mazmun, maqsad mujassam. Istardimki, yoshlarimiz o‘zlarining chuqur salohiyati, izlanishlari, yangi g‘oya va tashabbuslari bilan yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissalarini qo‘shishsin. Yurtboshimiz atrofida birlashishsin.

– Qarshi davlat universitetida boshlangan kasaba uyushma faollari va yoshlar o‘rtasidagi amaliy uchrashuvlar, samimiy muloqotlar, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishdagi fikr almashuvlar yil bo‘yi davom etadi, – dedi Qashqadaryo viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasining Yoshlar birlashmasi raisi Shavkat Suyunov. Biz yoshlar hamjihat va hamfikr bo‘lib, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda davlat va jamiyat uchun qanot bo‘lishimiz kerak.

 

Print Friendly, PDF & Email
Click to listen highlighted text!