O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tuman va shaharlarda majburiy mehnatni oldini olish maqsadida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, viloyat bandlik bosh boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida 2019 yil 6 avgust kunlari viloyatning Dehqonobod va G‘uzor tumanlarida ta’limi, sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari va mahalla fuqarolari yig‘inlari raislari uchun seminar-trening o‘tkazildi.
Unga muvofiq, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari boshqa budjet tashkilotlari xodimlarini majburiy mehnatga obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq ho‘jaligi ishlari, metall chiqindilar va makalatura yig‘ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olish va ularga chek qo‘yish,
faqatgina umumxalq xayriya hasharlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lgan taqdirdagina ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan korxona hududida mehnatni muhofaza qilish va havfsizlik normalariga qat’iy rioya etgan holda ixtiyoriy tarzda tashkil etilishi va o‘tkazilishi mumkinligi tushuntirildi.
Avtomobil yo‘llari, harakatlanishi tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv obyektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshoot tomlari, maxsus ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek, insonning hayoti yoki sog‘ligiga xavf tug‘ilishi yuzaga keluvchi boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish qat’iy taqiqlanadi.
Seminar-treningda bolalar mehnati va majburiy mehnatni oldini olish sohada respublikamida amalga oshirilayotgan ishlar va joylarda qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Hududlarda seminar-trening mashg‘ulotlarini o‘tkazish ishlari davom etmoqda.