2017 yil 11 yanvar kuni universitet faollar zalida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 25 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab, Qashqadaryo viloyat hokimligi, Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi, viloyat Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, Qarshi shahridagi 9205-sonli harbiy qism hamda Qarshi davlat universiteti hamkorligida “O‘zbekiston – mustaqil Vatanimiz, milliy armiyamiz faxru g‘ururimiz!” deb nomlangan madaniy – ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Qarshi davlat universiteti rektori, professor B.Shoimqulov barcha ofitser va harbiy xizmatchilarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 25 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, bugungi tinch va osoyishta, farovon hayotimizni ishonchli tarzda himoya qilayotgan, shunday ma’suliyatli burchni sidqidildan ado etayotgan, taraqqiyotimiz barqarorligiga kamarbasta bo‘layotgan vatanimiz himoyachilariga sog‘lik- salomatlik, sharafli va mas’uliyatli kasblariga omadlar tiladi.
Shu bilan bir qatorda Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi boshlig‘i L.Saodatova, viloyat harbiy faxriylar kengashi raisi, polkovnik T.Shukurov, Muqumiy nomidagi musiqali drama teatri aktyorlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar M.Salimov, M.Otajonova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Muxammad Ochil so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan samimiy muborakbod etdilar.
Shundan so‘ng universitetning “Ziyo” talabalar teatr studiyasi tomonidan tayyorlangan “Shiroq” spektakli namoyish etildi.
“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi viloyat bo‘limi xonandasi Sh.Eshonqulova tomonidan qo‘shiqlar ijro etildi.
Tadbir davomida Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishining iqtidorli talabalari tomonidan harbiy xizmatchilarni qalam tasvirda sur’atlari chizilib, tadbir yakunida ularga bayram sovg‘asi sifatida topshirildi.