Welcome to O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING QASHQADARYO VILOYAT KENGASHI   Click to listen highlighted text! Welcome to O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING QASHQADARYO VILOYAT KENGASHI

Mehnat muhofazasi sohasidagi talablar kuchaytiriladi.

 

   Bugungi tezkor davr iqtisodiyotning barcha sohasini isloh etish, mulkchilikning turli shakllari paydo bo‘lishi, sanoatni modernizatsiyalash hamda diversifikatsiyalash, tadbirkorlikning rivojlanishi, yangi korxona va zavodlarning bunyod qilinishi ularda mehnat qilayotgan fuqarolar muhofazasiga bo‘lgan munosabat va qarashlarni ham tubdan o‘zgartirmoqda.

 Bu esa o‘z navbatida mehnat qonunchiligini tubdan takomillashtirish, aholiga munosib mehnat sharoitlarini yaratishga xizmat qiladigan qator chora-tadbirlarni qo‘llash zaruratini tug‘diradi. 2016 yilning 23 sentabrida imzolangan yangi tahrirdagi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunni ana shunday talab va ehtiyojning mahsuli sifatida baholash mumkin.

  Ma’lumki, mazkur Qonun dekabr oyidan kuchga kirdi. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi hamkorligida joylarda qonunning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan turkum seminarlar tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida neft, gaz va geologiya xodimlari ishtirokida joriy yilning 13 yanvar kuni bo‘lib o‘tdi.

   Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi, O‘zbekiston neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, viloti kasaba uyushmalari tashkilotlari biralashmasi, viloyat mehnat boshqarmasi,  viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan neft gaz va geologiya xodimlari hamda bir qator boshqa idoralar vakillari ishtirok etdi.

   Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda bugungi kunda barcha sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aholi farovonligini yuksaltirish, mehnat sohasidagi huquqlarini ro‘yobga chiqarish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.

   Yaqinda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun bu borada navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Unda xodimning hayoti va sog‘lig‘i ustuvorligini ta’minlash, mehnatni muhofaza etish sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining shu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish kabilar davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilab qo‘yilgani diqqatga sazovor.

   – Ta’kidlash joizki, mazkur huquqiy hujjat mehnatni muhofaza etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, insonning mehnat jarayonidagi xavfsizligi, sihat-salomatligi va ish qobiliyati saqlanishini ta’minlash, bu boradagi chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarishga barcha zarur shart-sharoitni yaratishda muhim ahamiyatga ega. Qonun 22 dekabrdan kuchga kirdi. Bu o‘z navbatida aholining mehnat muhofazasi borasidagi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan parlamentning qonun ijrosini ta’minlash borasidagi nazoratini kuchaytirish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshiradi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sattor Raxmatov.

  Mazkur qonunga muvofiq tashkilotlarda endi mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tashkil etiladi. Bunday xizmat yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir tashkilotda joriy etiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad — mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirishdan iborat. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud bo‘lgan tashkilotda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy qilinadi.

  – Yangi tahrirdagi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun faoliyatimizni samarali tashkil etishning mustahkam asosiga aylanishi, shubhasiz. Unda xodimlar vakili hisoblangan kasaba uyushmalarining mehnatni muhofaza qilishni ta’minlash borasidagi huquqlari kengaytirildi. Zero, turli muassasa, korxona, tashkilotlarda xizmat qilayotgan minglab xodimlarning sog‘lig‘ini saqlash, kasbiy hamda umumiy kasalliklarning oldini olishning chora-tadbirlarini amalga oshirish, ishlovchi aholining mehnatini muhofaza etish asosiy vazifalarimizdandir, – deydi O‘zbekiston neftgaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisining o‘rinbosari G‘ofurjon Xamidov.

 Tadbir yakunida yangi tahrirdagi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi munosabati bilan davlat va nodavlat tashkilotlari oldidagi vazifalar belgilab olindi.

Print Friendly, PDF & Email
Click to listen highlighted text!