O‘zbekiston ta’lim,fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Muborak tuman kengashi tomonidan tizimidagi ta’lim muassasalari va tashkilotlari ishtirokida tumandagi Sanoat kasb-hunar kollejida “Mehnat muxofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish” bo‘yicha ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tanlovni tashkil etishdan maqsad, ishlab chiqarishdagi baxtsiz xodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish, ish beruvchi tomonidan xodimlarga sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, shuningdek mehnat muxofazasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan kasaba uyushmalari faoliyati samaradorligini oshirishdir.
Tanlovni tuman kengashi raisi Yangiboy Avezov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Tanlovga tizimdagi ta’lim muassasalari va tashkilotlardan tashrif buyurgan nomzodlar, o‘zlarining tashkilotlarida xodimlarga yaratilgan sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini aks ettiruvchi hujjatlar va fotolavhalar bilan ishtirok etdilar.
Tanlov komissiyasining yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni Muborak Sanoat kasb-hunar kolleji, 2-o‘rinni Muborak Sanoat va xizmat ko‘rsatish kolleji, 3-o‘rinni 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi egalladilar. Bundan tashqari 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 11-bolalar musiqa va san’at maktabi ham faol ishtirok etdilar.
G‘olib tashkilotlarga tuman kengashining diplomi va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Shunday qilib, “Mehnat muxofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini, Muborak Sanoat kasb-hunar kollejining mehnat muxofazasi bo‘yicha komissiyasi raisi Ergasheva Mavluda Azamatovna qo‘lga kiritdi.