Birlashma kengashining mehnatni muhofaza qilish bo‘limi o‘tgan hisobot davrida o‘z ish faoliyatini birlashma kengashining tasdiqlangan ish rejasiga asosan amalga oshirdi. Jumladan, hisobot yilida birlashma kengashining mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mutaxassislari va joylardagi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha saylangan vakillar tomonidan jami 2356 ta mehnat muhofazasiga oid qoidabuzarliklar aniqlanib, 2024 ta kamchiliklar bartaraf etildi.
Mehnatni muhofaza qilish, xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish, ishlab chiqarish bilan bog‘liq holda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar natijasida jarohat olgan xodimlarga bir yo‘la va oyma-oy zarar to‘lovlari to‘lanishi tartibi hamda mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasiga oid masalalar bo‘yicha murojaat qilgan 56 nafar xodimlarga huquqiy maslahatlar berildi.
Viloyat bandlik boshqarmasi, “Sanoatkontexnazorat”DI Qashqadaryo mintaqaviy inspeksiyasi, O‘zbekiston savdo sanoat palatasining viloyat boshqarmasi hamda ijtimoiy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda imzolangan “Mehnat sharoitlari va muhofazasini yaxshilash bo‘yicha 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar Dasturi”ga binoan viloyatdagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlariga amaliy va uslubiy yordamlar ko‘rsatildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiya Kengashining mehnatni muhofaza qilish bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha saylangan vakillarning malakasini oshirish bo‘yicha Namunaviy o‘quv dasturi”ga asosan 2018 yilning mart-aprel oylarida tumanlarda tarmoq kasaba uyushmalari tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat muhofazasi bo‘yicha saylangan jamoatchi vakillar uchun o‘quvlar tashkil etildi. Mazkur o‘quvlarda 1920 nafar jamoatchi vakillar o‘qitildi.
Mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mutaxassislari tomonidan 49 ta ishlab chiqarish obyektlarini va ishlab chiqarish vositalarini sinash hamda foydalanishga qabul qilish bo‘yicha komissiyalar ishida mustaqil ekspert sifatida ishtirok etildi.
Bo‘lim tomonidan o‘tgan davr mobaynida 87 ta, shundan sog‘liqni saqlash tarmog‘i tizimida 14 ta, ta’lim-fan va madaniyat tarmog‘i tizimida 22 ta, neft-gaz va geologiya tarmog‘i tizimidagi 12 ta, agrosanoat majmui xodimlari tizimidagi 25 ta, energetika tarmog‘i tizimidagi 3 ta hamda iste’mol tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish tarmog‘i tizimidagi 11 ta korxona va tashkilotlarda mehnat muhofazasi va 17 ta xo‘jalik tashkilotlari tasarrufidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida yozgi mavsumga tayyorgarlik, yong‘in va elektr xavfsizligi holatlari o‘rganildi.
O‘rganish davomida korxonalarda mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etish, uch pog‘onali ma’muriy-jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, xodimlarni mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qitish, mehnat sharoiti noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun belgilangan meyorlar asosida sut va davolash-profilaktika oziq-ovqatlari, maxsus kiyim-bosh, maxsus poyafzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan bepul ta’minlash, xodimlarni davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida ishlovchi xodimlarni mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qitish va bilimlarini sinash bo‘yicha amaliy-uslubiy yordamlar ko‘rsatildi.
Yuqumli va parazitar kasalliklar kelib chiqishi va tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek kasb kasalliklari, zaharlanishlar va baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida faoliyati o‘rganilgan mazkur korxona va bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlaridagi 1222 nafar ayollar tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilgan. Shuningdek tibbiy ko‘riklarga joylardagi tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan tibbiy komissiyalar tarkibiga akusher-ginekolog mutaxassisligiga ega xodimlar kiritilgan. O‘rganish jarayonida 87 ta korxona va tashkilotlarda ishlovchi 1826 nafar xotin-qizlar uchun mehnat sharoitlari yaratilishi ustidan monitoring olib borildi. Ushbu o‘rganilgan tashkilotlarda ayollar uchun maishiy-sanitariya xonalari, shuningdek garderob, yuvinish xonalari, shaxsiy gigiyena xonalari tashkil etilgan va o‘rnatilgan meyorlarga asosan jihozlangan.
Tibbiy mehnat ekspert komissiyasi majlislarida 3 marta ishtirok etildi. Shundan 4 nafar xodimga mehnatda mayiblanganlik, 3 nafar xodimga kasb kasalligi bo‘yicha nogironlik guruhi belgilandi.
Ish beruvchilar tomonidan ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfsizligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish holati monitoringi yo‘lga qo‘yildi.
Bo‘lim tomonidan korxona, tashkilot va muassasalarda mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etishga oid 3 ta uslubiy qo‘llanma va 1 ta tavsiyalar ishlab chiqilib, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika Kengashlarining viloyatdagi mas’ul tashkilotchilariga, tuman, shahar, birlashgan va boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlariga yetkazildi.
Bugungi kunda viloyat bandlik bosh boshqarmasi, “Sanoatkontexnazorat”DI Qashqadaryo mintaqaviy inspeksiyasi, O‘zbekiston savdo sanoat palatasining viloyat boshqarmasi hamda ijtimoiy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Mehnat sharoitlari va muhofazasini yaxshilash bo‘yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar Dasturi”ni imzolash va mazkur dasturga asosan mehnatda jabrlangan xodimlarga mehnat qobiliyati yo‘qotganlik darajasini belgilash, zarar to‘lovlarini olish huquqiga ega shaxslar va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga to‘lanadigan zarar to‘lovlarni to‘lash tartibi hamda mehnat faoliyati bilan bog‘liq holda sodir bo‘ladigan baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklariga va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishlarga chalinishlarining oldini olish bo‘yicha ish beruvchilarga amaliy yordamlar ko‘rsatish ishlari rejalashtirib olindi.