Welcome to O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING QASHQADARYO VILOYAT KENGASHI   Click to listen highlighted text! Welcome to O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING QASHQADARYO VILOYAT KENGASHI

Montyor bir marta adashadi.

         Xalq orasida “Montyor bir marta adashadi”, degan ibora bor. Bu iborani izohlash shart emas.

Qaysiki montyor yoki energetika sohasi ishchisi xavfsizlik texnikasi qoidalariga to‘liq rioya qilsa, mehnat muhofazasi tadbirlarida faol ishtirok etsa, u albatta, o‘z hayotini sug‘urtalagan bo‘ladi.

“Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Qarshi shahri va Shahrisabzda, shuningdek, Qarshi tumani markazi hisoblanmish Beshkent shahrida shahar va tumanlar elektr tarmoqlari korxonalarining mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoatchi vakillari ishtirokida o‘quv tashkil etildi.

Unda malakali soha mutaxassislari, jumladan, jamiyatning Mustahamlash, xavfsizlik texnik xizmati boshlig‘i (MXTX) Mansur Bo‘riyev, MXTX boshliq o‘rinbosari Sodiq Ahmedov, xizmatning yetakchi mutaxassisi Boboxon Negmatov, muhandisi Ulug‘bek Rizayev, AJ kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Bahodir Toshpo‘latov va xavfsizlik texnikasi muhandisi Ilhom Bobomurodov darsga kirib, jamoatchi vakillarga nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tishdi.

 Bundan tashqari, “O‘zbekenergo” AJ tarkibiga kiruvchi korxonalarda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar tafsilotlari, sabablari bo‘yicha tushuntirishlar olib borildi.

—Yil davomida reja asosida mehnat muhofazasi tadbirlari, turli o‘quvlar o‘tkazish belgilangan, –dedi biz bilan suhbatda jamiyatning Mustahamlash, xavfsizlik texnik xizmati muhandisi Ulug‘bek Rizayev.—Masalan, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati obyektlarini “Xavfsizlik texnikasi qoidalari” talablariga mos holga keltirish, energetika tizimida ekspluatatsiya ishlarini yanada yaxshilash, baxtsiz hodisalarning oldini olish, ishchi-xodimlar o‘rtasida o‘z kasbiga bo‘lgan mas’uliyatni hamda ularning bilim malakasini oshirish maqsadida “Xavfsizlik texnikasi ko‘rik oyligi” ham o‘tkazildi.

Oylik yakunida esa faol qatnashgan jamoalar munosib rag‘batlantirildi. Jumladan, tanlovda faxrli birinchi o‘rinni egallagan Qarshi tuman elektr tarmoqlari korxonasiga 3 000 000 so‘m, ikkinchi ko‘rsatkichni qayd etgan Yakkabog‘ TETK jamoasiga 2 500 000 so‘m, uchinchi bo‘lgan Kasbi TETK vakillariga 2 000 000 so‘m miqdorida mukofot berildi.

Ishlab chiqarish xizmat guruhlari ishi sarhisob qilinganda esa Elektr uskunalarini sinash xizmati birinchi, Rele himoyasi avtomatika uskunalar xizmati ikkinchi, Podstansiyalar xizmati xodimlari  sovrinli uchinchi o‘rinni egallab, munosib rag‘batlantirildi.

Ko‘rik davomida xodimlarning maxsus kiyimlar, poyabzallar, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanganlik darajasi ham jiddiy o‘rganib chiqildi, oylikda passiv qatnashgan TETK xodimlariga intizomiy jazo belgilandi.

Yana shuni alohida qayd etish joizki, har oyning ikkinchi seshanbasida joylarda xavfsizlik texnikasi kunlari o‘tkazilayotir. Unda malakali mutaxassislar yoshlarga biriktirilib, “Ustoz-shogird” aloqalari, an’analari yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, o‘z ishiga e’tiborsizlik bilan qaragan xodimlarni tanqid qiluvchi “Chaqmoq” hajviy devoriy gazetamiz ham bor bo‘lib, yo‘l qo‘yilgan sustkashlik va xatolarni keskin tanqid qilishda ko‘zgu vazifasini o‘taydi…

Print Friendly, PDF & Email
Click to listen highlighted text!