Yig‘ilishda birlashma kengashi raisining o‘rinbosari I.Ahmedov 2020 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoitlar yaratib berilishi, mavsum davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan kasaba uyushmalari tomonidan jamoatchilik nazoratini tashkil etilishi haqida yig‘ilish ishtirokchilariga batafsil axborot berib o‘tdi.
Paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun ajratilgan yotoq joylarida yaratilgan shart-sharoitlar, terimchilarning ish haqi o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishini, salomatligini nazorat qilib borilishini, terimchilarni mavsumiy kiyim-bosh, ish qurollari, toza ichimlik suvi, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishini, ovqatlanish joylari, hojatxona, yuvinish (dush) xonasi talab darajasida bo‘lishini, yotoq joylari, dala shiyponlari va baraklarda foydalaniladigan elektr qurilmalari (mashina, o‘lchov asboblari, sim va kabel kabilar) xavfsizlik texnikasi talablariga to‘liq javob berishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borishga adlohida e’tibor qaratilishi tushuntirildi.
Viloyat kasaba uyushmalari tomonidan korxona, tashkilot va muassasalardagi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan ish beruvchilar xodimlarni paxta yig‘im-terimiga majburiy tarzda jalb qilishiga, bu maqsadda buyruq chiqarishiga yo‘l qo‘yilmasligi nazoratga olingani.
Viloyatda majburiy mehnatning oldini olish, aholining xabardorligini oshirish maqsadida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan viloyatdagi har bir tuman va shaharlar markazlariga 2 donadan banner hamda 50 donadan plakatlar aholi gavjum joylariga yopishtirildi. 1000 donadan flayerlar paxta terimiga jalb qilinadigan terimchilarga tarqatilmoqda.
Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda paxta-yig‘im terimiga 18 yoshga to‘lmagan yoshlar, shuningdek mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korxonalarda mehnat faoliyatida band bo‘lgan xodimlarini majburiy tarzda paxta yig‘im-terimiga jalb etilmasligi ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini olib bormoqda.
Shuningdek, kasaba uyushmalari tomonidan viloyatning paxta yetishtiruvchi tumanlarida terimchilarga yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganib borilmoqda.
Paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq kasaba uyushmasi tashkilotini tuzish, kasaba uyushmasi tashkilotchisini saylash va Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tuman kengashiga a’zo bo‘lib kirish huquqidan foydalanishlarini ta’minlash yuzasidan tashkiliy ishlarni amalga oshirish bo‘yicha ham vazifalar belgilab berildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisining o‘rinbosari Q.Qirg‘izaliyev yig‘ilishda ishtirok etib, bu yilgi paxta yig‘im terimi mavsumi juda mas’ulyatili bo‘lishi, joylarda bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha o‘z fikr mulohazalarini bildirib o‘tdi.