Welcome to O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING QASHQADARYO VILOYAT KENGASHI   Click to listen highlighted text! Welcome to O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING QASHQADARYO VILOYAT KENGASHI

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyat Kengashining majlisi o’tkazildi.

    O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyat Kengashi keyingi yillarda o‘z faoliyatini qat’iy reja asosida olib borib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining VIII Qurultoyi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining VIII Konferensiyasi qarorlari ijrosini ta’minlashga hamda kasaba uyushmalarining 2024 yildagi ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda viloyat Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qarorlarini bajarishga qaratib kelmoqda.

    Tasdiqlangan ish rejasiga ko‘ra 2024 yilda viloyat Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2 marta yig‘ilishlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan Ijroiya qo‘mita  yig‘ilishlarida 14 ta asosiy masala muhokama etildi. Bundan tashqari Ijroiya qo‘mita yig‘ilishlari oraliqlarida 90 ta masala ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi va ularning bajarilishi muntazam ravishda nazorat qilib borilmoqda.

    Ushbu yig‘ilishlarda asosan kasaba uyushmalari ishini tashkil etish, kasaba uyushma a’zolarining ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasiga rioya etish, mehnat qonunlarining joylarda bajarilishi, madaniy-ma’rifiy va sport sog‘lomlashtirish ishlari, kasaba uyushmasi va ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘laridan foydalanish kabi masalalar muhokama etildi.

Ma’lumki, kasaba uyushmalarining bosh vazifasi – kasaba uyushma a’zolarining mehnat, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy, intellektual huquq va manfaatlarini muhofaza qilishda harakat birligini amalga oshirishdan iboratdir. Hozirgi kunda bu vazifani ado etishda viloyatda 4 ta tarmoq kasaba uyushmalari viloyat kengashlari, 2 ta  tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlarining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchilari, 2 ta birlashgan viloyat qo‘mitasi, 48 ta shahar, tuman kengashlari, 3 ta tarmoq kasaba uyushmalariga qarashli birlashgan qo‘mitalar va 2865 ta boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari ish olib bormoqda.

Ayni paytda, viloyat Kengashi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlari o‘z saflariga 513 ming nafardan ziyod a’zolarini birlashtirib, ularning ijtimoiy mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlashda yaqindan yordam berib kelmoqda. Ushbu ustuvor vazifalarning ijrosini samarali ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda kasaba uyushmalari tizimida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi, mehnat jamoalarida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash ishlari mazmunan yangi bosqichga ko‘tarildi.

2024 yilda viloyat hokimligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyat Kengashi hamda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi o‘rtasida 2023-2025 yillarga mo‘ljallab qabul qilingan mintaqaviy kelishuv, 33 tadan oshiq hududiy tarmoq kelishuvlari asosida kasaba uyushmalarining  viloyatdagi 10 ta davlat va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro munosabatlarni kuchaytirish, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga hamda aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgan hamkorlik chora-tadbirlari ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

2024 yilning hozirgi davrida “Yoshlar va biznesni qo‘llab quvvatlash yili” dasturi doirasida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 1 ming 560 nafar fuqarolarga va 1 ming 197 nafar oilalarga 1 mlrd.672,6 mln. so‘mlik ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilgan.

Kasaba uyushma a’zolarining ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarda ish beruvchilar bilan kasaba uyushmalari organlari o‘rtasida tuzilgan jamoa shartnomalari muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham viloyat Kengashi bu lokal xujjatlarni har tomonlama  to‘laqonli tuzilishiga hamda qabul qilinishiga va sifatli  bajarilishiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

Viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalarda 2023 yilda jamoa shartnomalari orqali 1 nafar ishchi-xizmatchini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasiga sarflangan mablag‘ o‘rtacha 6 mln 262 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatgichni 6 mln 800 ming so‘mga yetkazish kutilmoqda.

Viloyatimiz hududlarida Xalqaro mehnat tashkilotining                         29-, 105-, 138- va 182-Konvensiyalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. O‘tgan 2023 yilning                             26 sentabridan 31 oktabrigacha 2023 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratish, mavsum davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoringi o‘tkazildi. Shuningdek 2023 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumi davrida targ‘ibot ishlarini olib borish uchun tuman va shaharlar markaziga 16 ta banerlar, tuman va shaharlarining aholi gavjum bo‘ladigan joylarga  50 tadan posterlar va terimchilarga 1600 ta flaerlar tarqatildi.

Xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan himoya qilishda ularning ish haqlarini o‘z vaqtida olishi muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyat Kengashi va joylardagi kasaba uyushmalari tashkilotlari bu sohada ham muayyan ishlarni amalga oshirdilar.

Kasaba uyushmalariga berilgan vakolatlar doirasida ish olib borilib joriy yilning 6 oyi davomida 827,1 mln. so‘m ish haqidan muddati o‘tgan qarzdorlik kasaba uyushma a’zolariga undirib berildi. Mazkur masalada viloyat Kengashi tomonidan  prokuratura organlariga 3 ta,  davlat mehnat xuquq inspeksiyasiga 1 ta murojaat, Majburiy ijro byurosiga 1 ta yozma murojaat qilingan.

 Kasaba uyushma tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalardan yana biri – bu bandlikka ko‘maklashish masalasidir. Sizlarga yaxshi ma’lumki kasaba uyushmalari mehnat bozorida yuz berayotgan jarayonlarni hisobga olgan holda fuqarolarning mehnat qilish, ishni erkin tanlash, ishsizlikdan himoya qilinishi borasida konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishga ko‘maklashishlari shart.

Mazkur masalada shahar, tuman hokimliklari qarori bilan mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobat qila olmaydigan, ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun 637 ta korxonada 2404 ta ish o‘rinlari band qilingan bo‘lib, 2024 yil 1 iyul holatida band qilingan (kvota) ish o‘rinlariga 935 nafar fuqarolarni ishga joylashtirilishida kasaba uyushmalarining ishtiroki ta’minlandi.

Kasaba uyushmalari tomonidan xodimlar mehnatini muhofaza qilish va texnika xavfsizligiga rioya etilishi, boshqacha aytganda O‘zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning joylarda bajarilishi nazorat qilib borilmoqda.

Viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar tomonidan ishlovchi xodimlarga belgilangan tartibda yo‘l-yo‘riqlar berish, o‘qitish, mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun belgilangan normalar bo‘yicha sut va sut mahsulotlari, davolash-profilaktika oziq-ovqat mahsulotlari, gazlangan suv (issiq sexlarda ishlovchilar uchun), maxsus kiyim-bosh, maxsus poyafzal va boshqa shaxsiy himoya vositalari va gigiena vositalari bilan bepul ta’minlash, xodimlar uchun tibbiy ko‘riklar tashkil etish, ish joylarini mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari o‘rtasida imzolangan jamoa shartnomalardagi mehnat muhofazasi bandlarini bajarilishi uchun          22 mlrd. 777 mln. 396 ming so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

O‘tgan davr davomida viloyat Kengashi mutaxassislari va joylardagi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha saylangan vakillar tomonidan jami 5621 ta mehnat muhofazasiga oid qoidabuzarliklar aniqlanib, 5574 ta kamchiliklar bartaraf etildi.

O‘rganish davomida korxonalarda mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etish, uch pog‘onali ma’muriy-jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, xodimlarni mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qitish, mehnat sharoiti noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun belgilangan me’yorlar asosida sut va davolash-profilaktika oziq-ovqatlari, maxsus kiyim-bosh, maxsus poyafzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiena vositalari bilan bepul ta’minlash, xodimlarni davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida ishlovchi xodimlarni mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qitish va bilimlarini sinash ahvoli o‘rganildi. Ushbu o‘rganilgan korxona va tashkilotlarda ishlovchilarning 1207 nafarini ayollar tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil
24 iyundagi “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi 177-sonli qaroriga ko‘ra ishlovchi xodimlarni ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan sug‘urta qilish ishlarini tashkil etish bo‘yicha kasaba uyushmalariga a’zo tashkilotlarda doimiy ravishda tushuntirish ishlari olib borildi.

Ishlab chiqarish bilan bog‘liq holda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar hamda xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishlari, belgilangan zarar to‘lovlari va zarar to‘lovlaridan mavjud bo‘lgan qarzdorliklarni tahlil qilish va bartaraf etishga erishilmoqda.

Viloyatdagi kasaba uyushmalariga a’zo tashkilotlarda ishlab chiqarish bilan bog‘liq holda 9 ta baxtsiz hodisa sodir etilgan bo‘lib, shundan 3 tasi o‘lim bilan tugagan, 6 tasi oqibati og‘ir baxtsiz hodisani tashkil etadi.

Shundan sodir bo‘lgan 6 ta baxtsiz hodisa energetika, neft-gaz va geologiya kasaba uyushmasi tizimidagi sodir bo‘lgan 1 ta oqibati og‘ir baxtsiz hodisa ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi, 1 ta oqibati og‘ir baxtsiz hodisa tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi, 1 ta o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisa sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi tashkilotlarga to‘g‘ri keladi.

Baxtsiz hodisalar oqibatida jabrlanganlar va boquvchisini yo‘qotganligi uchun zarar to‘lovini olish xuquqiga ega bo‘lgan shaxslarga ish beruvchilar va kasaba uyushmasi mablag‘laridan 74 mln 232 ming 430 so‘m miqdorida moddiy yordam hamda qo‘shimcha to‘lovlar to‘lab berilgan.

Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish, ish beruvchi tomonidan xodimlarga sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, shuningdek mehnat muhofazasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan kasaba uyushmalari faoliyati samaradorligini oshirish hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosatining 2017 yil
20 noyabrdagi “Mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish yuzasidan respublika ko‘rik-tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 8-108 “s” sonli qaroriga asosan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyat Kengashi ijroiya qo‘mitasining 2024 yilning 10 yanvar kuni “Mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish yuzasidan respublika ko‘rik-tanlovi”ning viloyat bosqichini o‘tkazish to‘g‘risidagi  8-58 “s” sonli qarori qabul qilindi.

Mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish bo‘yicha Respublika ko‘rik-tanlovining viloyatdagi bosqichida tarmoq kasaba uyushmalariga a’zo 50 dan ortiq korxona, tashkilotlar va muassasalar “Eng yaxshi tashkilot”, “Eng yaxshi kasaba uyushma qo‘mitasi”, “Eng yaxshi jamoatchi vakil” hamda “Mehnat muhofazasi bo‘yicha yosh mutaxassis” yo‘nalishlari bo‘yicha sovg‘alar berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiyaining Qashqadaryo viloyat Kengashining majlislar zalida 28 aprel – “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni”ga bag‘ishlangan “Iqlim o‘zgarishining mehnat xavfsizligi va gigienasiga ta’siri”  mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi.

Mehnat muhofazasi yuzasidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qashqadaryo viloyat Kengashiga Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, “Guliston” MFY, Termiziylar ko‘chasi, 68-uyda yashovchi fuqaro Ashurov Bekmurod Xayitmurodovich murojaatida Dehqonobod tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlab kelayotganligi, ish jarayonida ovoz pardasi shikastlanib kasb kasalligiga yo‘liqqanligi sababli sog‘ligiga yetkazilgan zarar uchun bir martalik hamda oyma-oy to‘lanadigan to‘lovlarni undirib berishda amaliy yordam so‘ragan.

Murojaatchi Ashurov Bekmurod Xayitmurodovich murojaatida 2022-2023 o‘quv yillari Dehqonobod tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida rus tili va adabiyoti fanidan dars berib kelganligi, ish jarayonida ovoz pardasi shikastlanib kasb kasalligiga yo‘liqqanligi aniqlandi. Dehqonobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan Ashurov Bekmurod Xayitmurodovichga sog‘ligiga yetkazilgan zarar uchun bir martalik hamda oyma-oy to‘lanadigan to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmagan. Ushbu murojaat bo‘yicha 2024 yil 4 mart kuni Dehqonobod tumani 6-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi nomiga BD-09/71 sonli taqdimnoma kiritildi. Dehqonobod tumani 6-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi tomonidan kiritilgan taqdimnoma talablari bajarilmagach. Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘uzor tumanlararo sudiga 2024 yil 12 martda BD-09/87 hamda 2024 yil 14 mayda BD-09/169 sonli da’vo arizalari kiritilib murojaatchi B.Ashurovning yetkazilgan zarar uchun bir martalik 80.851.117(sakson million sakkiz yuz ellik bir ming bir yuz o‘n yetti) so‘m hamda oyma-oy to‘lanadigan 2.695.048 (ikki million olti yuz to‘qson besh ming qirq sakkiz) so‘m miqdoridagi to‘lovlarni undirib berishda G‘uzor tumanlararo sudining hal qiluv qarori chiqarildi.

Xodimlar o‘rtasida madaniy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish, ma’naviyatini yuqori darajaga ko‘tarish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xodimlar va ularning farzandlarini sog‘lomlashtirish sohasida ham O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyat Kengashi hamda tarmoqlar kasaba uyushmalari ma’lum darajada ish olib bormoqdalar.

Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat Kengashi tomonidan “Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida ichki turizmni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2023 yilda amaldagi jamoa shartnomalari va mintaqaviy kelishuvlar orqali 25 304 nafar, shundan 17 646 nafari viloyat hududidagi diqqatga sazovor qadamjolarga, 7 658 nafarini respublikamizning tarixiy shaharlariga xodimlar va ularning oila a’zolari uchun sayohatlar tashkil etildi. Ularning 55 nafarini kam ta’minlangan oilalar farzandlari, 48 nafarini ishlovchi ehtiyojmand oila ayollari, 78 nafarini ishlayotgan pensionerlarning bepul sayohatlari tashkil etildi. Mazkur maqsadlar uchun 3323,8 mln. so‘m, shundan 1753,1 mln. so‘mi kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan, 1570,7 mln. so‘m ish beruvchilar hisobidan sarflangan.

Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan xodimlar va ularning oila a’zolari uchun Urganch, Xiva, Toshkent va Samarqand shaharlariga tashkil etilgan sayohatlarga viloyatdagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan 2 400 nafarga yaqin kasaba uyushma a’zolari va ularning oila a’zolari jalb etildi.

“Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha tashkil etilayotgan sayohatlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borildi.

Tashkil etilgan sayohatlarimiz belgilangan rejaga nisbatan
147,2 % ga bajarildi.

Bundan tashqari ishchi-xodimlarni bo‘sh vaqtlarini sermazmun o‘tkazishlari uchun bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda jumladan,  2269 nafari teatrga, 1864 nafari uchun konsertga, 2048 nafari uchun muzeylarga tashriflar uyushtirildi.

Bayramlar arafasida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashovchilarning holidan xabar olinib, 19,9 mln. so‘mlik homiylik yordami ko‘rsatildi.

2024 yilda viloyatdagi 16 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida 22 ming 225 nafar bolalar dam oldirildi rejaga nisbatan 101 foizga bajarildi.

Markaziy hamda mahalliy gazeta va jurnallar sahifalarida kasaba uyushmalari faoliyatini yorituvchi 50 dan ortiq tahliliy maqola va xabarlar, suhbat va lavhalar chop etildi, Milliy teleradiokompaniyaning informatsion va tahliliy dasturlari orqali kasaba uyushmalari faoliyati to‘g‘risida 20 ga yaqin telelavhalar namoyish etildi, radiokanallar orqali 30 ta xabar va eshittirishlar efirga berildi.

Viloyat Kengashining internet tarmog‘idagi rasmiy veb-sayti belgilangan talablar asosida takomillashtirib borilmoqda, ma’lumotlarni yangilash davriyligi haftasiga 3-4 martani tashkil etmoqda.

Keyingi yillarda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarni ta’minlashda kasaba uyushmalari faol ishtirok etib kelmoqda.

Viloyatdagi 692 793 ta xonadonda istiqomat qiladigan
30 yoshdan oshgan 725 283 nafar xotin-qizlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularning 91 054 nafari “Ayollar daftari”ning
5-bosqichiga kiritildi.

Bugungacha “Ayollar daftari”ning birinchi toifaga kiruvchi va bandligini ta’minlash rejalashtirilgan 64 505 nafar ishsiz xotin-qizlarning 53 270 nafari (82,6 %) ish bilan ta’minlandi.

Ikkinchi toifaga kiruvchi tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 1 619 nafar ehtiyojmand xotin-qizlardan 1269 nafari (78,4%)ga tadbirkorlik ko‘nikmalari bo‘yicha o‘qitilib, imtiyozli kredit ajratildi.

Uchinchi, to‘rtinchi va oltinchi toifaga kiruvchi moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan jami 24 575 nafar xotin-qizlardan, 16 902 nafar (68,8%) ayollarga 20,7 mlrd. so‘m mablag‘ tarqatildi.

 Beshinchi toifaga kiruvchi 355 nafar uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlardan 2 nafari budjet mablag‘lari hisobidan, 1 nafari ijtimoiy, 3 nafari homiylik asosida va 6 nafari boshqa manbalar hisobidan uy-joy bilan ta’minlangan bo‘lsa, 230 nafariga “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan 256,0 mln.so‘mlik ijara haqlari to‘lab berildi.

Uy-joyi ta’mirlashga muhtoj bo‘lgan 157 nafar xotin- qizlarning 37 nafari (24,6%)ning uy-joylari ta’mirlab berildi. Bu maqsadlar uchun 267,1 mln. so‘m mablag‘ sarflandi.

Shuningdek, 7 382 nafar (4 910 nafar ayollar, 2 472 nafar voyaga yetmagan farzandlari) xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga tibbiy yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan bo‘lib,  bugungi kunga qadar 2 222 nafar xotin-qizlarga qariyb 2,5 mlrd. so‘mlik tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi.

Viloyat Kengashi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, o‘tgan olti oyda 36 ta yozma, 3 ta og‘zaki, 29 ta ishonch telefoni, 48 ta elektron, jami 132 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan, O‘zbekiston Prezidenti virtual qabulxonasi orqali 40 ta, xotin-qizlar muammolari bo‘yicha 1211 ishonch telefoni orqali 16 ta murojaatlar kelib tushgan.

Kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha qonun buzilish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida 4 ta holatda yozma ko‘rsatmalar kiritilib, murojaatlarni o‘rganish natijasida 2 ta shaxslar huquqlari tiklandi va xodimlarga 80 mln. 858  ming so‘m miqdoridagi ish haqlari va boshqa to‘lovlari undirib berildi.

Ma’lumki, kasaba uyushmalari tashkilot, korxona va muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy himoyasini tashkil etishdan manfaatdordirlar. Shu munosabat bilan nodavlat tashkilotlarni kasaba uyushmasi xizmatiga jalb etish hozirda eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘tgan 2023 yilda tarmoq kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan 16098 nafar azoga ega bo‘lgan 1288 ta yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona, tashkilot va muassasalar  kasaba uyushmalari harakatiga kiritildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida ham  nodavlat sektoriga mansub korxona va tashkilotlarni kasaba uyushma a’zoligiga jalb etish borasida olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasiga ko‘ra viloyat bo‘yicha 1596 ta tashkilotda mehnat qiladigan 13540 nafar xodimlar kasaba uyushma a’zoligiga qabul qilindi.

Viloyatdagi barcha bo‘g‘indagi kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan Strategik yo‘nalishlaridagi yoshlarga oid bandlarining ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini tashkil etish, iqtidorli yoshlarni izlab topish hamda ularning mantiqiy bilimlarini oshirish intellektual salohiyatini yuksaltirish, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy bilimlarini va nutqiy madaniyatini oshirish maqsadida viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan yosh xodimlar o‘rtasida Qarshi shahridagi “NASAF TRAVEL” mehmonxonasi zalida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyati Kengashi tomonidan, korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yosh ishchi xodimlar o‘rtasida “Zakovat intellektual o‘yini” tashkil etildi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan jamoatchilik vakillari, harbiy xizmatchilar va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari faxriylarini jalb etgan holda “Milliy armiyamiz– mustaqilligimiz kafolatidir!”, “Qurolli Kuchlarning fuqarolik jamiyatida tutgan o‘rni va roli!” mavzularida davra suhbatlari ma’naviy- ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

Viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalarda xodimlar va yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida 2023-2024 yillar davomida taniqli fan, adabiyot va san’at arboblari, adabiyotshunoslar, ishlab chiqarish ilg‘orlarini jalb etgan holda turli mavzularda mazmunli va qiziqarli uchrashuvlar tashkil etildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyat kengashiga 2024 yil 6 oyi davomida 18 437 188,3 ming so‘m a’zolik badallari viloyatdagi tarmoq kasaba uyushmalari shahar, tuman kengashlari hamda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlaridan tushgan va mazkur mablag‘ O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga to‘liq o‘tkazib berilgan

2024 yilning o‘tgan davrida viloyat kengashi tomonidan kasaba uyushmasiga a’zolik badallari hisobidan 970 dona 4 232 258,0 ming so‘mlik sanatoriy yo‘llanmalari tarqatilgan hamda mehnatkashlar va ularning oila a’zolari sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi.

Viloyat Kengashining xalqaro tashkilotlari bilan faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, joriy yilning 15 aprel kuni “Xalqaro mehnat tashkilotining “Ko‘pmillatli korporatsiyalar va ijtimoiy siyosatga taalluqli tamoyillar to‘g‘risidagi uch tomonlama deklaratsiya”si asosida kasaba uyushmalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish” mavzusidagi hududiy seminar o‘tkazildi.

Bundan tashqari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyat Kengashi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan va rivojlantirilib borilmoqda. Ushbu aloqalarning davomi sifatida Sverdlovsk viloyati Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi A.L.Vetlujskixning joriy yil 19-23 aprel kunlari “Innoprom – Markaziy Osiyo – 2024” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi tadbirlarida ishtirok etish hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari faoliyati bilan yaqindan tanishish va tajriba almashish maqsadida viloyatga tashrif buyurdi.

Print Friendly, PDF & Email
Click to listen highlighted text!