O‘zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasida imzolangan “2014-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasida munosib mehnat dasturi”ga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 27 may “Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalarini 2014-2016 yillarda amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 132-sonli qaroriga binoan 7 oktabr Butunjahon “Munosib mehnat kuni”ga bag‘ishlangan tadbirlar majmuasi respublikamiz bo‘ylab o‘tkazildi.
Mazkur sana munosabati bilan joriy yilning 8 oktabr kuni Termiz shahrida “Xalqaro mehnat tashkilotining Adolatli globallashuv maqsadida ijtimoiy adolat to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi” mavzusida mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu seminarda Surxondaryo viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi A.Axmedov, Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha Byurosi bosh mutaxassisi Sergeyus Glovatskas, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri R.Samarbekov hamda mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri M.Isayevlar so‘zga chiqib xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarda kasaba uyushmalarining faoliyati, ularda ijtimoiy muloqot va mehnat muhofazasi to‘g‘risida ma’ruzalar qildilar.
Seminarda Qashqadaryo viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashining mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mudiri A.Xo‘jaqulov so‘zga chiqib, joriy yilning 22 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.M.Mirziyoyev tomonidan “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni imzolanganligi, ushbu qonunda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilanib, Qonunga kiritilgan normalar davlat organlari tomonidan qonun talablarini bajarishda har xil aralashuvlarning oldini olish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish va ishlovchi xodimlarning mehnat sharoitlarini doimiy ravishda yaxshilashga hamda ularning mehnatini muhofaza qilish sohasida ijtimoiy himoyani ta’minlashga qaratilganligini ta’kidladi.
Shuningdek, seminarda “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” MCHJ kasaba uyushma qo‘mitasi raisi A.Hamroyev va “Jarqo‘rg‘on neftni qayta ishlash zavodi” qo‘shma korxonasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi S.Xo‘jamberdiyevalar so‘zga chiqib, kasaba uyushma tashkilotlarining xodimlar ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasidagi ish tajribalari, ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan imzolangan jamoa shartnomalari orqali xodimlarga berilayotgan imtiyozlar va yaratilayotgan munosib mehnat sharoitlari to‘g‘risida o‘rtoqlashishdi.
Seminarda 15 nafar Qashqadaryo viloyat kasaba uyushma faollariidan iborat delegatsiya ishtirok etdi. Seminar bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi.