Welcome to Qashqadaryo viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Qashqadaryo viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi

Qonun targ’iboti to’g’risida.

       O‘zbekiston Respublikasining amaldagi “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni 1992 yil 2 iyulda, ya’ni bundan 27 yil ilgari qabul qilingan bo‘lib, 3 ta bob va 22 ta moddadan iborat edi.

Qonunga 2001 yil 7 dekabrda va 2016 yil 28 noyabrda qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lsada, u asosan deklarativ xarakterda bo‘lib, aniq, to‘g‘ridan – to‘g‘ri amal qiluvchi huquqiy normalar deyarli keltirilmagan.

O‘tgan davr ichida, ayniqsa so‘nggi 3 yilda, mamlakatimizda barcha sohada ko‘plab o‘zgarishlar sodir bo‘ldi va bo‘lmoqda. Hususan, mulkchilik shakllarining va shu bilan bog‘liq holda ish beruvchilar turlarining o‘zgarishi kasaba uyushmalari a’zolarining ijtimoiy mehnat sohasidagi huquqlarini himoya qilishda, xodimlarni kasaba uyushmasiga a’zolikka jalb qilishda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi.

Shu bilan birga, 1992 yildan beri o‘tgan vaqt mobaynida “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlari va boshqa qonunlar, shuningdek Mehnat kodeksi qabul qilindiki, amaldagi “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun bu qonunlarga mos kelmay qoldi.

Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh tashabbuskor deputatlari tomonidan, kasaba uyushmalarining mutaxassislari ishtirokida, tubdan yangi “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasi moddama-modda muhokama qilindi, muhokamalar jarayonida qonunchilik texnikasi talablari, halqaro xuquqiy normalar, chet el tajribasi, masalan barcha MDH davlatlari, shuningdek Yevroittifoq mamlakatlari jumladan, Finlandiya, Shvetsiya, Daniya, Niderlandiya, Buyukbritaniya, Ispaniya, Portugaliya, Germaniya va boshqa davlatlar tajribasi, albatta milliy amaliyot hamda qonunchiligimiz inobatga olindi.

Loyiha 2019 yil iyun oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Shundan so‘ng loyiha tashabbuskor deputatlar va kasaba uyushmalari mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan barcha viloyatlarda davlat organlari, nodavlat tashkilotlari, korxonalar vakillari hamda kasaba uyushmalari faollari ishtirokida keng muhokama qilindi.

Undan tashqari loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining veb-saytlarida, “Ishonch” va “Ishonch-doveriye” gazetalarida xalq muhokamasiga qo‘yildi.

Muhokamalarda bildirilgan takliflar asosida loyiha yanada takomillashtirildi va 2019 yil 24 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisiga ikkinchi o‘qishga kiritildi. Loyiha shu majlisning o‘zida uchinchi o‘qishdan ham o‘tkazilib, Oliy Majlis Senatiga ma’qullash uchun yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.  Oliy Majlis Senati 2019 yil 30 noyabr kuni o‘zining 4-yalpi majlisida mazkur loyihani ko‘rib chiqib ma’qulladi.

Ushbu Qonun 9 ta bob 56 ta moddadan iborat bo‘lib, avvalgi qonunga nisbatan bir qator yangi aniq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan normalarni o‘z ichiga olgan.

Qonunni ishlab chiqishdan asosiy maqsadlar quyidagilar edi:

Xalqaro Mehnat tashkilotining Konvensiyalariga mos ravishda kasaba uyushmalarining huquq va vakolatlarini kengaytirish.

Kasaba uyushmasiga birlashish imkoniyatlarini kengaytirish.

Kasaba uyushmalari organlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni soddalashtirish.

Xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishda asosiy institutlardan biri bo‘lgan mehnat inspeksiyalarini qayta tiklash.

Mehnat sohasida ijtimoiy sheriklik xamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni tartibga soluvchi normalarni qonuniy mustahkamlash

Amaldagi qonunda bor bo‘lgan havolaki va deklarativ xarakterdagi normalarni bartaraf etish.

Qabul qilingan yangi Qonunda yuqorida sanab o‘tilgan barcha maqsadlar o‘z aksini topgan, deyish mumkin.

2020 yilning 18 fevral kuni Qashqadaryo viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasida O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi yangi qonuni mazmun-mohiyati, ahamiyati, unga kiritilgan yangiliklar to‘g‘risida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda hamkor tashkilotlar va ish beruvchilar vakillari, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi xodimlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlarining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchilari,  shahar va tuman kengashlari raislari, birlashgan va boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari rahbarlari hamda kasaba uyushma faollari ishtirok etdilar.

Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi apparatining Yuridik bo‘limi mudiri Primqulov Hamidulla Raxmatillayevich ishtirok etdi va “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga kiritilgan o‘zgartirishlarning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi ahamiyati to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Tadbir savol-javob va munozara tarzida tashkil etilib, ishtirokchilar tomonidan mavzu yuzasidan taklif hamda mulohazalar bildirildi.

Print Friendly, PDF & Email
Click to listen highlighted text!