Welcome to O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING QASHQADARYO VILOYAT KENGASHI   Click to listen highlighted text! Welcome to O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING QASHQADARYO VILOYAT KENGASHI

«Soliq qonunchiligidagi o‘zgartirish va yangiliklar» mavzusida seminar o’tkazildi.

  O‘zbekistonda mustaqillik yillarida soliq tizimini takomillashtirish hamda soddalashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Bunda dunyoda taraqqiyotning «o‘zbek modeli» deya e’tirof etayotgan tadrijiy islohotlar muhim omil bo‘ldi. Natijada soliq ma’murchiligi shaffofligini ta’minlash, soliq to‘lovchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilish borasida muayyan yutuqlarga erishilmoqda. Zero, aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan hamda izchil hayotga tatbiq etilgan chora-tadbirlar iqtisodiy mustaqilligimizni mustahkamlashda g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida hamda respublikamizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisida dolzarb va ustuvor vazifalar belgilab berildi.

 Oxirgi uch oyda respublikamizda iqtisodiy munosabatlarni liberallashtirish va kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan qator qonun hujjatlari, shu jumladan bevosita soliq sohasiga oid 3 ta Qonun, 2 ta Prezident Farmoni va 5 ta qarorlari qabul qilindi.

  Bugungi seminarimizdan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati va ulardan kelib chiqadigan vazifalar, shuningdek Prezidentimizning 2016 yil 27 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida»gi 2699-sonli qarori hamda yuqorida qayd qilingan qonun hujjatlariga muvofiq berilgan soliq imtiyozlari va yengilliklar bilan kasaba uyushmalari faollarini yaqindan tanishtirish va ular orqali keng xalq ommasiga yetkazishdir.

  Ma’lumki, istiqlolning dastlabki yillarida ishlab chiqarish

hajmining pasayishi va inflatsiyaning yuqori sur’atlari saqlanib turgan bir sharoitda Davlat budjetiga mablag‘lar tushishini ta’minlash soliq tizimining asosiy vazifasi qilib belgilandi.

  Bu haqda so‘z yuritilganda, 1991 yilda respublika Davlat budjeti tasdiqlangan vaqtda budjet taqchilligi qariyb 7,5 foizni tashkil etganini eslash joiz. Bu Davlat budjeti taqchilligini qisqartirish va uning daromad qismini mustahkamlashga qaratilgan soliq mexanizmini yaratish zaruriyatini yuzaga keltirdi.

  Mamlakatimizda qisqa muddat ichida soliq solishning yaxlit holdagi normativ-huquqiy bazasi yaratildi va 1994 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining tashkil etilishi milliy soliq tizimini shakllantirishda tom ma’noda yangi davrni boshlab berdi.

 Sobiq ittifoq davridagi bo‘ydoqlar, yolg‘izlar hamda kam bolali fuqarolarga solinadigan soliqlar, shuningdek eksport va import operatsiyalaridan undiriladigan to‘lovlarga ham barham berildi. Aksincha, mazkur to‘lovlarning o‘rniga bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan, masalan, subyektlarning amalda olgan daromadi hisoblangan korxonalarning daromadlariga solinadigan soliq, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i singari yangi turdagi soliqlar amaliyotga joriy etildi. Eng muhimi, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida soliq imtiyozlari berilib, soliqdan to‘liq yoki qisman ozod bo‘lishga asoslangan yangi mexanizmlar qo‘llanila boshlandi.

 Milliy soliq qonunchiligidagi yangiliklar bilan Sizlarni yaqindan tanishtirish maqsadida bugungi kunda korxona, tashkilot va muassasalarda 2017 yil uchun jamoa shartnomalarini tuzish kampaniyasi doirasida ish haqi, rag‘batlantirish tarzidagi to‘lovlar, ijtimoiy ko‘mak choralari va boshqa sarf-harajatlarni rejalashtirish ishlarida soliq qonunchiligidagi yangiliklarni inobatga olish masalasiga alohida e’tibor qaratish zarur.

 Kasaba uyushmalarining nodavlat notijorat tashkiloti sifatidagi faoliyatiga soliq solish mexanizmlari xususida ham to‘liq va batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lamiz.

 Soliq qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartirishlar kasaba uyushmalarida ham soliq qonunchiligidagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldi olinishi samaradorligini oshirishning huquqiy asoslarini ta’minlaydi.

Print Friendly, PDF & Email
Click to listen highlighted text!