Bugungi kunda davlatimiz rahbari rahnomaligida mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi, erkin kasb tanlashi, ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borishlari uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va keng imkoniyatlar o‘z ijobiy samarasini bermoqda. Bu esa yoshlarimizda o‘ziga nisbatan ishonch, vatanga sadoqat tuyg‘usini shakllantirmoqda. Mamlakatimizda yoshlarining har bir sohada o‘z iqtidorlarini nomayon etishlari, yangi marralarni qo‘lga kiritishlari, o‘zlari tanlagan sohada ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar olib borishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bugungi yoshlar ilm, fan va texnika, sport, ishlab chiqarish, tadbirkorlik umuman olganda iqtisodiyotning barcha sohalarida havas qilsa arzigulik natijalarga erishib kelmoqda. Xususan, mamlakatimizda “Yosh ishchi kadrlarni tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan yoshlarga oid davlat siyosatining izchil amalga oshirilishida davlat va nodavlat tashkilotlarining yaqindan hamkorligini tashkil etib borish, ishchi kasblarni ommalashtirish, eng yaxshi xalqaro ishlanmalarni kasbiy ta’lim tizimiga tadbiq etish uchun zamin yaratish, yoshlarning iste’dodi va ijodiy qobiliyatlarini namoyon qilish, o‘quvchilarda o‘zlari tanlagan kasb va ixtisosliklarni chuqur o‘rganishga qiziqishni kuchaytirish, iqtidorli yosh mutaxassislarni aniqlash, kasbiy mahoratini va bilim darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan “Eng yaxshi ishchi kasb egasi” tanlovi o‘tkazildi. Mazkur tanlov orqali viloyatimizning iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat qilayotgan hamda kasb-hunar kollejlarida ta’lim olayotgan tashabbuskor va faol yosh mutaxassislarni kashf etish, ularning o‘z kasbiy yo‘nalishlarida yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalar, innovatsion g‘oya va ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashiladi. Joriy yilning 13-18 iyun kunlari tanlovning korxona, tashkilot va ta’lim muassasalarning 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan xodimlari va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida 1-bosqichi shahar va tumanlar miyosida “Qishloq xo‘jaligi mashina va jihozlariga xizmat ko‘rsatish mexanigi”, “Qurilish-pardozlash ishlari ustasi”, “Umumqurilish ishlari ustasi”, “Tikuv va tikuv-buyumlari ishlab chiqarish texnik-texnologi”, “Oshpaz”, kabi 5 ta nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkazildi. Tanlovning 1-bosqichi shahar, tumanlar miqyosida korxona, tashkilot va ta’lim muassasalar xodimlari va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilib, ularda 191 nafar, 2-viloyat bosqichida esa 60 nafar yosh mutaxassislar va o‘quvchilar ishtirok etdilar. Viloyat tanlovining ishtirokchilari uchun O‘zbekiston Respublikasida “Yoshlarga oid davlat siyosati” roligi namoyish etildi. “Eng yaxshi ishchi kasb egasi” tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashining diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Tanlov viloyat televideniyesida atroflicha yoritildi.