O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Shahrisabz tuman kengashi hamda tuman maktabgacha ta’lim bo‘limining qo‘shma qaroriga asosan joriy yilning 27 aprel kuni Miroqi shaharchasidagi 16-maktabgacha ta’lim muassasasida “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” tanlovining “Eng faol yosh tarbiyachi” nominatsiyasi o‘tkazildi. Tanlovni tuman kengashi raisi S.Abdullaev kirish so‘zi bilan ochdi. O‘z so‘zida tanlovni o‘tkazishdan maqsad yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirilishida ishtirok etish hamda yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh mutaxassislarni rag‘batlantirish, yosh avlod vakillarida vatan tuyg‘usi va mamlakatda ro‘y berayotgan voqealarga dahldorlik hissini oshirishga ko‘maklashishdan iboratdir deb ta’kidlab o‘tdi. Tanlovda xududlardan saralangan 5 nafar tarbiyachi ishtirok etdi. Tanlov bosh hakami tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri D.Imomova ishtirokchilarni “Eng faol yosh tarbiyachi” nominatsiyasi bo‘yicha baholash mezonlari bilan tanishtirib o‘tdi. 5 nafar tarbiyachi ishtirokida o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra 16-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi Maxmudova Dilsora Akbar qizi 1-o‘rinni, 18-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi Shomurodova Feruza 2-o‘rinni, 5-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi Bozorova Dilfo‘za 3-o‘rinni egalladilar. G‘oliblar tuman kengashining esdalik sovg‘alari hamda diplomlari bilan taqdirlandilar.