Qonunchiligimizda qo‘shimcha ishni bajarganlik uchun haq to‘lash qanday amalga oshiriladi?
Xodim mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan asosiy ishga nisbatan boshqa kasb (lavozim) bo‘yicha ishni bajarayotganda yoki uning ishlar hajmini ko‘paytirganda unga qo‘shimcha haq to‘lanadi. Biroq vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish mansab yo‘riqnomasiga muvofiq o‘z lavozim majburiyatlariga kiradigan shaxs zimmasiga yuklatilganda unga qo‘shimcha haq to‘lanmaydi.
Bu kabi qiziqarli savol-javoblar Qarshi shahrida yangi tahrirdagi “Mehnat kodeksi” mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish yuzasidan o‘tkazilgan seminarda ko‘p uchradi. O‘quvda viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalarda ishlovchi yosh xodimlar hamda oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘zlari uchun zarur axborot va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.
Unda kasaba uyushmalari Qashqadaryo viloyat kengashi mehnat huquqi inspektori Shamsiddin Sattorov qaysi toifa xodimlar ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmasigi, mehnat shartnomasining bekor qilish jarayonidagi yangiliklar, ta’tillar haqida ham sharh berib o‘tdi. O‘z navbatida viloyat kengashi mehnat texnik inspektori Anvar Xo‘jaqulov korxona va tashkilotlarda qulay mehnat sharoitlari yaratish va unga doir normativ huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi. U mehnat muhofazasi bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga muxtasar to‘xtaldi. Shuningdek, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalari va bu bo‘yicha jamoatchilik nazoratini olib borish, xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi, kasb kasalliklari yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash qoidalari haqida ham tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Viloyat kengashi bo‘lim mudiri Oybek Hazratqulov esa yoshlarga mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik, bu bo‘yicha “Mehnat kodeksi”ga kiritilgan bandlar haqida ma’ruza qildi.
Huquqini bilgan adashmaydi, yutqazmaydi. Seminar shu boisdan jonli muzokaralarga boy bo‘ldi.