Ta’lim muassasalarida 2019-2020 o‘quv yili tarifikatsiyasining tasdiqlanishi munosabati bilan tuman kengashiga 60 tadan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Mazkur murojaatlarning aksariyatini mehnat qonunchiligi va xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy himoyasi bilan bog‘liq murojaatlar tashkil etdi. Ish beruvchi va xodim o‘rtasida kelib chiqqan nizoli holatlar rahbarlarning amaldagi qonunchilik hujjatlarini yaxshi bilmasligi yoki qonunchilik tartiblariga rioya qilmasligidan dalolat bermoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Koson tuman kengashi tomonidan joriy yilning 15 oktabr kuni tumandagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Ta’lim muassalarida mehnat qonunchiligi va ijtimoiy himoya tamoyillariga amal qilish: muammolar va yechimlar” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
O‘quv-seminarga tumandagi 102 umumta’lim maktablari direktorlari va 15 nafar xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari jalb etildi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi mutaxassislari esa o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Seminar ishida, eng avvalo, mehnat qonunchiligi va ijtimoiy himoya bo‘yicha fuqarolardan tushgan murojaatlar umumiy holatda tasnif etildi, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.
O‘quv seminar dasturiga muvofiq “Ta’lim muassasalarida mehnat qonunchiligiga rioya qilish, mehnat shartnomalarini tuzish, bekor qilish tartiblari” va “Jamoa shartnomalari orqali xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilish yo‘nalishidagi muammolar va yechimlar” mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Bunda ta’lim tizimida ayni kunda duch kelinayotgan muammolarga alohida e’tibor qaratildi. Masalan, mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilish yoki mehnat daftarchalarining yuritilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar hayotiy misollar orqali tahlil etildi, yo‘nalishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularning yechimi slayd holatidagi namunalar asosida namoyish etildi. Ayniqsa, mehnat shartnomasini tuzish va boshqa doimiy ishga o‘tkazishda mavjud bo‘lgan muammolar, xodimning mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi tomonidan qo‘llaniladigan intizomiy jazo turlari, ish vaqtini jamlab hisobga olish, mehnat ta’tillarining berilishi, jamoa shartnomalari orqali xodimlarga berilgan imtiyozlar, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ish beruvchining vazifalari, mehnat va aholi banligiga oid qonunni buzganlik uchun javobgarlik bo‘yicha vujudga kelgan muhokamatalab va munozaratalab masalalar amaldagi meyoriy hujjatlar asosida tahlil etilgani seminar ishtirokchilari uchun amaliy yordam vazifasini o‘tadi.
O‘quv-seminar davomida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi yetakchi mutaxassisi B.Xo‘jayorov, tuman kengashi raisi O.Do‘stmurodovalar tomonidan ishtirokchilarning savollariga javob berildi.
O‘quv-seminar nihoyasida seminar ishtirokchilariga “O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksi, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida Nizom”, “Mehnat daftarchalarini yuritish to‘g‘risida Yo‘riqnoma, “Alohida asoslarga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibi to‘g‘risida Yo‘riqnoma” kabi yigirmadan ortiq hujjatlarning elektron varianti va namunaviy hujjatlar majmuasi tarqatildi.